Diqqat! Toshkentda noto‘g‘ri to‘xtagan avtomobillarga jazo kuchaytiriladi

Jamiyat

image

Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turish qoidabuzarliklariga qarshi choralar kuchaytiriladi. Endi to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi. Bu haqda

Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qulay, xavfsiz va tartibli shaharni yaratish borasidagi ishlarning navbatdagi bosqichi to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarining buzilishiga nisbatan qat’iyroq chora ko‘rish amaliyotini joriy etishdan iborat bo‘ladi.

Poytaxtning turli tumanlarida avtomobillarning piyodalar yo‘laklarida, o‘tish joylari yaqinida, bekatlarda, yashil hududlarda, shuningdek, to‘xtash yoki to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda qoldirilishi holatlari muntazam qayd etilmoqda. Bunday qoidabuzarliklar odamlarning xavfsiz va erkin harakatlanishiga, jamoat transporti, maxsus texnika va boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining qatnoviga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, bunday vaziyatlar keksalar, bolalar aravachasidagi ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar uchun qiyinchilik tug‘diradi.

Shu munosabat bilan, shaharda bunday qoidabuzarliklarga nisbatan yanada qat’iy choralar ko‘rish amaliyotiga o‘tilmoqda. To‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi.

Haydovchilardan to‘xtash va to‘xtab turish uchun joy tanlayotganda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish hamda avtomobillarni taqiqlangan, piyodalar, jamoat transporti, maxsus texnika harakatiga xalaqit beradigan yoki xavfsizlikka tahdid soladigan joylarda qoldirmaslik so‘raladi.

Zarnigor Xudoyberdiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent evakuatsiya Diqqat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing