Desham Ispaniya bilan o‘yindan keyin hakamni tanqid qildi

Sport

image

Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham Jahon chempionatining yarim finalida Ispaniyaga qarshi uchrashuvni boshqargan salvadorlik hakam Ivan Bartonning faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda “L’Equipe” nashri xabar berdi.

Avvalroq Ispaniya terma jamoasi Jahon chempionatining yarim finalida Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi. G‘olib jamoa safida Mikel Oyarsabal 22-daqiqada penaltidan, Pedro Porro esa 58-daqiqada gol urdi.

“Ispaniya juda kuchli jamoa ekanini yana bir bor isbotladi. Biz esa o‘z imkoniyatlarimizdan pastroq o‘ynadik va odatdagidan ko‘proq texnik xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bunda Uilyam Salibaning jarohat olishi ham, Adriyen Raboning ikkinchi sariq kartochka olish xavfi ostida o‘ynagani ham ta’sir qildi. Finalga chiqish uchun eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak edi, ammo afsuski, buning uddasidan chiqa olmadik. Bu biz uchun katta umidsizlik. Shu bilan birga, yumshoq qilib aytganda, ayrim bahsli hakamlik qarorlari ham sabab bo‘ldi”, deydi Desham.

Fransiyalik mutaxassis mag‘lubiyat uchun hakamni ayblashni istamasligini, ammo uning faoliyati savollar tug‘dirganini ta’kidladi.

“Qaysi qarorlarni nazarda tutyapman? Eng avvalo, biz o‘zimiz qayerda xatoga yo‘l qo‘yganimizni ko‘rishimiz kerak. Men mag‘lubiyatdan keyin bahona qilayotgandek tuyulishni istamayman. Lekin hakam Jahon chempionati yarim finali darajasiga mos keldimi? Bu savol ochiq qolmoqda. Men uning har bir qarorini muhokama qilmoqchi emasman. Biz o‘yinni yetarlicha nazorat qila olmadik, raqib esa bizni xatoga majbur qildi. Bu yarim final edi va ko‘plab futbolchilarimiz uchun bunday bosqichdagi ilk o‘yin bo‘ldi. O‘tmishdagi yutuqlarimiz o‘z qiymatini yo‘qotmaydi, ammo bunday raqibga qarshi ham texnik, ham jismoniy jihatdan eng yuqori saviyada bo‘lish talab etiladi. Afsuski, bugun biz bunga erisha olmadik”, deya qo‘shimcha qildi Desham.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining ikkinchi yarim finalida bugun, 15 iyul kuni Angliya va Argentina terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Final uchrashuvi esa 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing