Toshkentda “order”ni pullayotganlar ushlandi
3-sahifa
−
22 avgust 5407 2 daqiqa
Toshkent shahrida davolanish uchun imtiyozli order tayyorlab sotayotganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro G.M. Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan “ishonchli” tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday shifoxonaga 1,5-2 mln so‘m evaziga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma (order) tayyorlab berishini muntazam e’lon qilib kelgan.
Holat bo‘yicha vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 avgustida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilib, ushbu fuqaro, uning sheriklari va bir necha tibbiyot xodimlari qo‘lga olingan.
O‘rganish jarayonida G.M.ning sherigi, fuqaro M.Q.ning yonida M.G.ga tegishli yo‘llanma borligi aniqlangan. Shuningdek, Ibn Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasida davolanish uchun beriladigan orderlar ham topilgan. Yo‘llanmani rasmiylashtirish maqsadida laborator va instrumental tahlil va bemor tibbiy kartasidan ko‘chirmalarga Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalarning birida ishlayotgan shifokorlarning imzosi va muassasa muhri qo‘yilgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida poytaxtdagi oilaviy poliklinika va boshqa muassasalar mas’ul shaxslaridan hamda tibbiyot xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan. Hozirgi paytda mazkur holat bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish hamda dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi korrupsiyaviy holat eng yuqori soha ekani xabar qilingandi. Xususan, joriy yilning dastlabki 3 oyida ushbu sohada 527 ta korrupsiyaviy holat qayd etilgan.
Live
Barchasi