Davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi

Jamiyat

image

2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi. Bu haqda joriy yilning 21 aprel kuni qabul qilingan “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi. 

Farmonga ko‘ra, 2025 yilda xususiylashtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash;
  • davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk ob’ektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish;
  • dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga chiqarish.

Shuningdek, 2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi.

Maydoni 10 ming metr kvadratgacha bo‘lgan davlat mulki ob’ektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga 5 yil muddatga to‘g‘ridan to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlarga baholangan qiymatda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladi.

Boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham 1 yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.

Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida:

  • ijara shartnomasi tuzilgan kundan ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara to‘lovlari 1 oy davomida to‘langan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi;
  • 6 oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan ob’ektlarning boshlang‘ich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda boshlang‘ich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda 1 ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

2025 yil 1 iyuldan Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalariga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.

Tadbirkorlarni (jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarni) tugatish to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xabardor qilingan sanadan ularning moliya-xo‘jalik faoliyati to‘xtatiladi hamda yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, shuningdek, barcha turdagi soliq va yig‘imlar bo‘yicha penyalarni hisoblab yozish, dividendlar hisoblash taqiqlanadi.

2025 yil 1 oktyabrdan egasiz ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat mulki ob’ekti sifatida davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha murojaatlar tegishli sudga Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors, O‘zmetkombinat, UMS (Mobiuz), Uzbekistan GTL, Uzbekinvest, Navoiyazot, Texnopark kabi davlat ishtirokidagi korxonalarning davlat aksiyalari xalqaro maslahatchilar ishtirokidagi auksionga qo‘yilishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

xususiylashtirish korxona moratoriy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing