Daniyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi
Jamiyat
−
01 avgust 1723 2 daqiqa
Bugun, 1 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Daniyaning yangi elchisi etib tayinlangan Yesper Varni qabul qildi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram -kanalida ma’lum qildi.
“Daniyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Yesper Var janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik”, deb yozdi u.
Saidovning bildirishicha, mazmunli suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi imkoniyatlar muhokama qilingan.
“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sheriklikning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida faol hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Janob elchini ushbu lavozimga tayinlangani bilan samimiy tabriklaymiz va diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, deydi Saidov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga tayinlangan yangi elchi 62 yoshda. Tajribali diplomat Daniya Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati va xorijdagi qator elchixonalarida turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Isroil, Malayziya va Erondagi elchi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2024 yildan beri u Daniyaning Rossiyadagi elchisi sifatida faoliyatini olib borgan.
Yesper Var 2024-2025 yillarda O‘zbekistonda diplomatik missiya rahbari sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Yakob Xenningsenning o‘rniga tayinlandi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 25 yanvarda o‘rnatilgan. E’tiborlisi, Daniya O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan birinchi Yevropa davlati hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Indoneziyaning mamlakatdagi yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatindan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilgandi.
Live
Barchasi