Damashq yaqinida Asad rejimi qurbonlarining ommaviy qabri topildi

Olam

image

Suriya poytaxti Damashq shahri yaqinida ommaviy qabr topildi. U yerda o‘tgan yili dekabrda hokimiyatdan ag‘darilgan Bashar Asad rejimi davridagi fuqarolik urushi chog‘ida askarlar tomonidan o‘ldirilgan kamida 175 kishining jasadi bor. Bu haqda Suriya rasmiylariga tayanib, “Euronews” xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 19 sentyabr kuni qidiruv guruhlari Damashq chekkasida joylashgan ommaviy qabrdan 25 ta jasadni chiqargan. Suriya rasmiylari u yerda jami kamida 175 kishining murdasi dafn etilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Jasadlar Utayba hududidagi qishloq xo‘jaligi yeridan topilgan. Rasmiylarning aytishicha, ular o‘sha paytda muxolifat kuchlari nazoratida bo‘lgan Sharqiy Gutadan qochishga uringanida sobiq prezident Bashar Asad qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgan.

“Bu deyarli 14 yil davom etgan fuqarolik urushining navbatdagi dahshatli izi bo‘lib, u 2024 yil dekabrida qo‘zg‘olonchilarning tezkor hujumi natijasida Asad ag‘darilishi bilan yakunlangan edi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, yo‘qolgan qarindoshlarini izlayotgan oilalar ular haqida ma’lumot olish umidida ommaviy qabrga tashrif buyurgan.

Ma’lumot uchun, Bashar Asad va uning otasi Xofiz Suriyada sudsiz qatl etish, jumladan, mamlakatning mashhur qamoqxona tizimida odamlarni ommaviy o‘ldirishda ayblanmoqda. Shunga qaramay, Asad bir necha bor o‘z hukumatining inson huquqlarini buzganini inkor etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Suriya poytaxti Damashq yaqinida sobiq prezident Bashar Asad hukumati tomonidan o‘ldirilgan kamida 100 ming kishining jasadi bo‘lgan ommaviy qabr topilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya ommaviy qabr Damashq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing