Chernogoriya o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejimni bekor qildi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2025 9310 2 daqiqa
Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Bu haqda joriy yilning 9 oktyabr kuni mamlakat hukumatining veb-saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Chernogoriya Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi, Armaniston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi fuqarolari uchun viza talabini vaqtincha bekor qilish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarga o‘zgartirishlar kiritish haqida qaror qabul qilgan.
“2024-2027 yillar uchun islohotlar kun tartibi doirasidagi majburiyatlar hamda Yevropa Ittifoqiga a’zolikning 24-bobi bo‘yicha yopilish mezonlariga muvofiq ravishda, Chernogoriya Yevropa Ittifoqining viza siyosatiga moslashishda davom etmoqda. Shu munosabat bilan, bugun qabul qilingan o‘zgartirishlar mazkur davlatlar fuqarolari uchun vizani vaqtincha bekor qilish haqidagi avvalgi qarorlarning amal qilishini to‘xtatadi. Bu esa Chernogoriyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘lidagi qat’iy sodiqligini yaqqol ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan Chernogoriya hukumati “Viza rejimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi nizom”ni ham qabul qilgan. Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra, Quvayt fuqarolari ham endilikda Chernogoriyaga vizasiz kira oladigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgan, Nauru Respublikasi esa ushbu ro‘yxatga qo‘shilgan.
“Bu qadam Yevropa Ittifoqining viza siyosati va Yevropa Parlamenti hamda Kengashining 2018/1806-sonli reglamenti bilan uyg‘unlashish yo‘lidagi navbatdagi bosqichni anglatadi. Mazkur reglamentda Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini kesib o‘tishda viza talab etiladigan va undan ozod etilgan uchinchi davlatlar ro‘yxati belgilangan. Ushbu hujjatga muvofiq, Nauru fuqarolari Yevropa Ittifoqi hududida 90 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin”, deyiladi bayonotda.
Ushbu tartib joriy yil 29 oktyabrdan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Chernogoriya davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti chog‘ida Chernogoriya Respublikasiga borishda O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talabi bekor qilingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi