Chernogoriya turkiyaliklar uchun ham vizasiz rejimni bekor qildi
Olam
−
30 Oktabr 2025 2355 2 daqiqa
Joriy yilning 27 oktyabr kuni Chernogoriya Turkiya fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning 25 oktyabr kuni Chernogoriyaning Podgoritsa shahrida bir guruh Turkiya fuqarolari chernogoriyalikni haqorat qilib, unga pichoq bilan zarar yetkazgan. Uning hayoti xavf ostida bo‘lmasa ham, 26 oktyabr kuni mahalliy aholi ko‘chalarda namoyish boshlagan. Namoyishchilar Turkiya raqamlari bo‘lgan mashinalarga o‘t qo‘ygan va shahar markazidagi Turkiya restoranini buzib tashlagan.
Politsiyaning xabar berishicha, Chernogoriya fuqarosiga hujum qilishda gumon qilingan ikki kishi: Turkiya fuqarosi va Ozarbayjon fuqarosi hamda ushbu ikki davlat pasportiga ega bo‘lgan yana 45 kishi hibsga olingan.
Tartibsizliklar fonida Chernogoriya hukumati xorijiy fuqarolarning harakatlanishini nazorat qilish maqsadida Turkiya bilan 2008 yilda joriy qilingan vizasiz rejimni to‘xtatishini ma’lum qilgan.
“Bu qaror Chernogoriyada joylashgan taxminan 14 ming Turkiya fuqarosining manfaatlari va xavfsizligini hisobga olgan holda chiqarildi. Iqtisodiy faollikni saqlab qolish va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash maqsadida biz tez orada Turkiya bilan muzokaralarni boshlaymiz. Bu sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida, har ikki tomon manfaatlariga javob beradigan eng yaxshi hamkorlik modelini ishlab chiqish maqsadida amalga oshiriladi”, deydi mamlakat Bosh vaziri Milojko Spajich.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun ham vizasiz rejimni bekor qilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi