Bugun Jahon chempionatida to‘rtta o‘yin bo‘lib o‘tadi
Sport
−
11:28 1437 2 daqiqa
Bugun, 15 iyun kuni 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati bahslari davom etadi. Kun doirasida futbol muxlislarini 4 ta uchrashuv kutib turibdi.
O‘yinlar kunini Ispaniya va Kabo-Verde terma jamoalari o‘rtasidagi bahs boshlab beradi. Amaldagi Yevropa chempionlari hamda Jahon chempionati debyutanti hisoblangan jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.
Shundan so‘ng, 16 iyunga o‘tar kechasi soat 00:00 da “G” guruhidan o‘rin olgan Belgiya va Misr terma jamoalari o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritadi.
Tonggi soat 03:00 da esa, “H” guruhining navbatdagi uchrashuvi – Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tadi.
O‘yin kuni Eron hamda Yangi Zelandiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan yakunlanadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan ertalab soat 06:00 da boshlanadi. 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkazilmoqda. Musobaqada 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Jamoalar har biri to‘rttadan iborat 12 ta guruhga bo‘lingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi mundialdagi debyut uchrashuvini o‘tkazadi. Meksikadagi mashhur “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadigan mazkur bahs Toshkent vaqti bilan tonggi soat 07:00 da boshlanadi.
Shundan so‘ng, Fabio Kannavaroning shogirdlari 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi, 27 iyun kuni esa, Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi