Bugun yulduzli “Hilol” Toshkentda “sherlar”ga qarshi saf tortadi (video)

Sport

image

Bugun, 4 mart kuni futbol bo‘yicha Elit Osiyo Chempionlar ligasi 1/8 finalining dastlabki o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur bosqich doirasida Toshkentning “Paxtakor” klubi “Jar” stadionida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasi bilan bahs olib boradi.

Issiq Saudiyadan havo harorati sovuqroq bo‘lgan O‘zbekistonga kelgan Riyod klubi garchi endi Neymarsiz bo‘lsa ham, bir qator yulduz futbolchilari bilan Toshkentga yetib keldi. Aynan sovuq harorat bugun “Paxtakor” foydasiga ishlashi, chunki qisqa vaqt ichida “Al-Hilol” futbolchilariga sovuq ob-havoga moslashish biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

Saudiya klubining o‘yin oldidan mashg‘ulotlarida taniqli futbolchilar Yassin Bunu, Ruben Nevesh, Malkom, Sergey Milinkovich-Savich, Kalidu Kulibali va Joau Kanselu kabi futbolchilar ishtirok etdi.

 

“Paxtakor” tarkibida Sardor Sobirxo‘jayev diskvalifikatsiya sababli bellashuvni o‘tkazib yuboradi.

“Al-Hilol”ni hozirda portugaliyalik mutaxassis Jorze Jezush boshqarmoqda. Riyodliklar Saudiya Arabistoni chempionatida 19 bor, mamlakat ichki kuboklarida 37 marta, Chempionlar Ligasida 4 bor zafar quchgan.

Jamoalar ayni paytga qadar 8 marta to‘qnash kelgan. Ulardan 5 tasida “Hilol” zafar quchgan bo‘lsa, 3 ta bellashuv durang bilan yakunlangan. “Paxtakor” o‘zaro o‘yinlarda 5 to‘p kiritgan bo‘lsa, raqib 15 bor gol urgan. Igor Sergeyev ikki bor Riyod jamoasi darvozasini ishg‘ol qilishga erishgan.

“Paxtakor” hamda “Al-Hilol” Osiyo Chempionlar ligasida eng ko‘p marta qatnashgan klublar hisoblanadi – 19 tadan.

“Paxtakor” va “Al-Hilol” jamoalari o‘rtasidagi nimchorak final bahsi 4 mart kuni “Jar” stadionida 21:00 da boshlanadi. Javob uchrashuvi 11 mart kuni Riyodda bo‘lib o‘tadi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Al-Hilol Elit Osiyo Chempionlar ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing