Bu yil qariyb 5 trln so‘mlik elektrotexnika mahalliylashtiriladi

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekistonda elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish hajmini 43 trillion so‘mga yetkazish, qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda bugun, 22 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan elektrotexnika sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar va navbatdagi vazifalarga oid taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, bu tarmoq mamlakat sanoatining drayverlaridan biri. So‘nggi yetti yilda eksport hajmi 7 barobarga o‘sgan va geografiyasi 63 ta davlatga yetgan. Hozirgi kunda tarmoqda 500 ga yaqin korxona bo‘lib, ularda 27 mingdan ziyod o‘zbekistonlik ishlamoqda.

Ushbu salohiyatni oshirish maqsadida shu yil 22 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, investitsiyalar va xorijiy brendlarni jalb etish, tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Joriy yil birinchi chorakda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan oshgan. Qariyb 310 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, bu ko‘rsatkich 1,3 barobar o‘sgan.

Shu davrda 55 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Shundan 48 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisoblanadi.

“Xorijiy brendlar ostida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 900 million dollarga teng loyihalar shakllantirildi. Ayni paytda texnik jarayonlarni kelishish, zarur texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Taqdimotda ikkinchi chorakka va yil yakunigacha mo‘ljallangan asosiy rejalar ham aytib o‘tilgan.

Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 43 trillion so‘mga yetkazish, qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 656 million dollarlik 71 ta loyihani amalga oshirib, 4 ming 600 ta ish o‘rni ochish mo‘ljallangan. Eksport miqdori 1 milliard 700 million dollarga, geografiyasi 68 ta mamlakatga yetishi kutilmoqda.

“Davlatimiz rahbari dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida elektrotexnika sanoatida ham rivojlanish trayektoriyasini to‘g‘ri tanlab, bozor talablariga tez moslashish muhimligini ta’kidladi. Mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish, zamonaviy texnologiyalarga munosib malakali kadrlar tayyorlash zarurligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Mutasaddilarga tarmoqdagi har bir korxona bilan ishlab, sanoat va logistika zanjirlarida yuzaga keladigan masalalarni hal etish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilib, yangi bozorlar topish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Elektrotexnika sanoati elektrotexnika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing