Bu chollar – yomon chollar: Surxondaryoda pensionerlardan iborat narkokurerlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
31 mart 8140 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida pensionerlardan tashkil topgan guruh narkotik moddalarini tarqatgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan profilaktik tadbir davomida uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan. Afg‘onistonlik fuqaro ta’minotchi sifatida bir guruh surxondaryolik bo‘lgan keksa yoshli fuqarolar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, Termiz shahri va tumani hududlarida narkokurerlik qilib, giyohvandlik moddalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilardan biri to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonidan “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan. Tadbir davomida ushbu moddalarni yetkazib bergan yana bir shaxs ham aniqlanib, undan maxsus tadbir uchun berilgan pul mablag‘lari dalilliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlar davom ettirilib, guruhning yana bir kurer a’zosi ushlangan. Uning yonidan 5 gramm giyohvandlik moddasi aniqlangan. Keyingi bosqichda esa ushbu jinoiy zanjirning asosiy bo‘g‘ini fosh etilgan. Uning yashash xonadonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jami 12 dona qadoqlangan 12 grammdan ortiq “opiy” moddalari aniqlangan.
Shuningdek, xonadonda giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish vositalari ham borligi ma’lum bo‘lgan. Mazkur jinoyatni sodir qilib kelgan kimsalar o‘zlarining ayblarini yashirish maqsadida sheriklarini ham fosh qilgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan barcha gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 276- (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 273-moddalari (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatining Urganch shahrida salkam 1 kg “opiy” saqlagan shaxs qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi