Bronza uchun final. Fransiya va Angliya terma jamoalarining JCHdagi so‘nggi jangi

Tahlil

image

Fransiya terma jamoasi bugun, 18 iyuldan 19 iyulga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining uchinchi o‘rin uchun bahsida Angliyaga qarshi maydonga tushadi.

Bronza uchun kechadigan bahsda yarim finallarda favorit sanalgan, ammo hal qiluvchi pallada millionlab muxlislar ishonchini oqlay olmagan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. Rasman bu final bo‘lmasa-da, maqomi va keskinligi jihatidan turnirning asosiy o‘yinidan qolishmaydi. Chunki bahsda nafaqat bronza medallari, balki nufuz, obro‘ va jahon chempionatini boshni baland ko‘targan holda tark etish imkoniyati ham o‘rtaga qo‘yilgan.

Uchrashuvga yanada alohida qiziqish bag‘ishlayotgan omil — fransuzlar va inglizlar o‘rtasidagi tarixiy raqobatdir. Bu raqobat futbol doirasidan ancha tashqariga chiqadi va har bir o‘yin o‘ziga xos jangga aylanadi. Qiziq jihatlardan yana biri — uchrashuvni venesuelalik hakam Xesus Valensuela boshqaradi. Bu holat muxlislar orasida turli hazil va so‘z o‘yinlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, har ikki jamoa uchun mazkur o‘yin turnirni munosib tarzda yakunlash imkoniyati hisoblanadi. 

Desham uchun so‘nggi o‘yin, Salibaning jarohati va Mbappening maqsadi

Fransiya terma jamoasi uchun bu bahs alohida ramziy ahamiyatga ega. U Dide Deshamning milliy jamoa bosh murabbiyi sifatidagi 14 yillik faoliyatiga yakun yasaydi. Bu uning “uch ranglilar” boshqaruvidagi 182-o‘yini bo‘lib, mutlaq rekord hisoblanadi.

Desham Fransiyani oltita yirik musobaqaning beshtasida yarim finalga olib chiqqan va eng muhimi, 2018 yilgi Jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Garchi Yevro–2016 va JCH–2022 finallarida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, aynan u jamoani chuqur inqirozdan olib chiqib, doimiy ravishda sovrinlar uchun kurashadigan kuchli termaga aylantirdi.

Desham joriy qilgan pragmatik o‘yin uslubi ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan. Ayrimlar bunday yulduzli tarkib bilan Fransiya yanada kattaroq yutuqlarga erishishi mumkin edi, deb hisoblashgan. Biroq natijalar uning ish uslubi o‘zini oqlaganini ko‘rsatdi.

Insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, Deshamdan keyin Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib Zinedin Zidan tayinlanadi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror o‘tgan yilning noyabridayoq qabul qilingan.

Endi esa Desham oldidagi asosiy vazifa — markaziy himoyaning muhim o‘yinchisi Vilyam Salibaning o‘rnini to‘ldirish turibdi. “Arsenal” himoyachisi turnir davomida belidagi jarohat bilan, hatto og‘riq qoldiruvchi ukollar yordamida maydonga tushgan. U olti uchrashuvda ishtirok etdi va faqat Norvegiyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Biroq bu jasorati unga qimmatga tushishi mumkin — shifokorlar Saliba yangi mavsumning besh oyigacha maydondan chetda qolishi mumkinligini aytmoqda.

Shu sababli Fransiya himoya chizig‘ida muammolarga duch kelgan. Biroq hujumda barcha yetakchilar safda va ulardan yorqin o‘yin kutilayapti.

Alohida e’tibor Kilian Mbappega qaratilgan. U mazkur uchrashuvda turnirning eng yaxshi to‘purariga aylanish imkoniyatiga ega. Yarim finalga qadar Mbappe va Lionel Messi hisobida sakkiztadan gol bor edi.

Hozircha argentinalik futbolchi golli uzatmalar soni ko‘pligi hisobiga oldinda bormoqda. Agar Mbappe bu poygada g‘olib chiqsa, u ketma-ket ikki Jahon chempionatida “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgan tarixdagi ilk futbolchiga aylanadi. 

Angliya va Tuxel bosim ostida

Yarim finalda Argentinaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan Angliya terma jamoasi va bosh murabbiy Tomas Tuxel qattiq tanqidlarga uchradi.

Ayniqsa, uchrashuv so‘nggi daqiqalaridagi taktik qarorlar ko‘p savollarga sabab bo‘ldi. Angliya 1:0 hisobida oldinda borayotgan paytda Tuxel bir vaqtning o‘zida uch nafar himoyachini maydonga tushirdi. Aynan shu o‘zgarishlardan keyin argentinaliklar ikki gol urib, o‘yin taqdirini hal qildi. 

“The Telegraph” nashrining yozishicha, Tuxel futbolchilarga orqaga chekinish yoki hisobni saqlash bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Aksincha, u jamoadan raqibga yuqori bosim o‘tkazishni talab qilgan. Biroq manbaning qayd etishicha, futbolchilarning o‘zi ham amalga oshirilgan almashinuvlardan, ayniqsa Bukayo Sakaning zaxirada qoldirilganidan hayratda bo‘lgan.
Shunga qaramay, Angliya terma jamoasi mavjud vaziyatni tuzatish imkoniyatiga ega. Bronza medallarini qo‘lga kiritish inglizlar uchun so‘nggi 60 yil ichidagi Jahon chempionatlaridagi eng muhim natija bo‘ladi.

Bundan tashqari, g‘alaba yana bir noxush an’anaga barham berishi mumkin. Angliya mundiallarda dunyo reytingi birinchi o‘ntaligidagi jamoalar ustidan so‘nggi marta 2002 yilda g‘alaba qozongan. Shundan buyon jamoa kuchsiz raqiblarni yengib kelgan bo‘lsa-da, futbol grandlariga qarshi hal qiluvchi o‘yinlarda doimo omadsizlikka uchrab kelmoqda.

Bu ruhiy bosimni yengishga na mahalliy, na xorijlik murabbiylar muvaffaq bo‘ldi. Fransiya ustidan qozonilishi mumkin bo‘lgan g‘alaba esa Angliya terma jamoasi uchun yangi davr boshlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. Zero, ba’zan kuchli raqib ustidan bitta g‘alaba ham butun jamoaning kelajagini o‘zgartirishga qodir.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing