Britaniya O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi

Jamiyat

image
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni bo‘yicha ma’lumot berdi north_east

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni bo‘yicha ma’lumot berdi

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runovning Londonga tashrifi tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif davomida Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirining o‘rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar darajasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

“Uchrashuvlarda Britaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko‘rishi va rasmiy Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tomonlar xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilgan. Britaniya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi tasdiqlagan.

Shu bilan birga, Britaniya Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘sish va rivojlanish dasturi orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik yordamni kengaytirish, dastur doirasida mutaxassislarining institutsional salohiyatini mustahkamlash, ularning xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga kelishib olingan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza topshirgan va 2020 yildan boshlab ushbu jarayonda faol ishlashni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. 19 dekabr kuni O‘zbekiston va AQSH O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash protokolini imzoladi. Hujjatni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH savdo vakili Ketrin Tay imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Buyuk Britaniya JST Azizbek O'runov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing