Britaniya Rossiyaning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi

Olam

image

Buyuk Britaniya Rossiya tomonidan ehtimoliy harbiy hujumga qarshi tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya hukumati so‘nggi marta 2005 yilda yangilangan harbiy favqulodda holat rejasi – “milliy mudofaa rejasi”ning yangilangan variantini ishlab chiqmoqda. Mazkur reja, agar Britaniya dushman tajovuziga uchrasa, mojaro boshlangan dastlabki kunlarda hukumatning qanday harakat qilishi kerakligini belgilab beradi. Maxfiy hujjatda urush e’lon qilinishi holatida hukumatning javob choralari, Vazirlar Mahkamasi a’zolari va qirollik oilasini himoya qilish uchun mo‘ljallangan bunkerlardan qanday foydalanish, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, fuqaro floti, pochta va telefon tarmoqlari, ommaviy axborot vositalarining ishlash tartibi hamda zaruriy resurslarni jamg‘arish bo‘yicha chora-tadbirlar bayon etiladi.

Shuningdek, rejada mojarolar boshlanishining bir nechta ssenariysi keltiriladi. Ular orasida odatiy va yadroviy raketalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum, shuningdek, ilk bor batafsil ko‘rib chiqilayotgan kiberurush ssenariysi ham mavjud. “The Telegraph” nashriga ko‘ra, ushbu reja yaqin o‘n yilliklarda ommaga oshkor qilinmaydi.
 
Bunga parallel ravishda, Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili ilgari konservativ partiya davrida armiya yetarlicha moliyalashtirilmagani va harbiy qudrat ancha susayganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya so‘nggi yillarda faqat cheklangan harbiy operatsiyalarga tayyorlangan, biroq to‘liq urush holatiga tayyor emas.

“Agar biz urushga tayyor bo‘lmasak, dushmanni ham to‘xtata olmaymiz”, dedi u.

Qayd etish joiz, 2024 yil fevral oyida Britaniya Mudofaa vazirligi harbiy kuchlar yuqori intensivlikdagi janglar uchun zaruriy tayyorgarlik va resurslarga ega emasligi haqida hisobot e’lon qilgan. Unda muntazam urushga tayyorgarlik yetarli darajada ko‘zda tutilmayotgani ta’kidlangan.

Shuningdek, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Germaniya Federal razvedka xizmati sobiq rahbari Bruno Kall ham Rossiyaning 2030 yilgacha NATO davlatlariga hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ularning fikricha, Rossiya nafaqat Ukrainani bosib olish, balki Yevropadagi AQSH harbiy ta’sirini yo‘q qilish va yangi global tartib o‘rnatishga intilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik to‘rt oylik mashg‘ulot – “Steadfast Defender 2024”ni o‘tkazgan edi. Mashg‘ulotlar ssenariysiga ko‘ra, Rossiya alyansga a’zo davlat hududiga hujum qilgan va NATO jamoaviy mudofaa shartnomasining 5-moddasini ishga tushirgan, ya’ni Rossiya va NATO kuchlari to‘qnashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing