Britaniya musodara qilingan Rossiya neftini sotib, mablag‘ni Ukrainaga berishni rejalashtirmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati iyun oyida qo‘lga olingan va London Rossiyaning “yashirin neft floti” bilan bog‘layotgan Smyrtos tankeridagi qariyb 100 ming tonna Rossiyaning Urals markidagi neftini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Tushgan mablag‘ esa Ukrainaga yordam sifatida yo‘naltirilishi mumkin. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Britaniya amaldorlarining fikricha, tanker bortidagi neft endilikda qonun bo‘yicha Britaniya mulki hisoblanadi. Shu bois hukumat uni sotish yoki boshqa maqsadlarda ishlatish huquqiga ega.

Vazirlar neftini auksion orqali sotish variantini muhokama qilmoqda. Uning bozor qiymati taxminan 35 million funt sterlingga baholangan. Olingan mablag‘ni Ukrainaning harbiy ehtiyojlariga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu reja hozircha dastlabki bosqichda turibdi. Amaldorlar mablag‘ni Kiyevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazish yoki Ukraina Qurolli kuchlari uchun harbiy texnika sotib olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Rossiya esa Ukrainaga har qanday harbiy yordam ko‘rsatilishiga qarshi chiqmoqda.

Nashrning yozishicha, Britaniya hukumati 14 iyun kuni La-Mansh bo‘g‘ozida ushlab qolingan tankerdagi neftini sotish uchun maxsus auksion o‘tkazishi mumkin. Manbalarning aytishicha, Britaniya Milliy jinoyatchilikka qarshi agentligi tergovni yakunlagandan keyin tankerning o‘zi Rossiyaga qaytarilishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bilan birga, Britaniya hukumati neftini mamlakat ichida qayta ishlab, aholini energiya bilan ta’minlash maqsadida foydalanish variantini ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq bu neftini davlat mulkidan energetika kompaniyalari tasarrufiga qanday o‘tkazish masalasi hozircha hal qilinmagan.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer 14 iyun kuni uning ko‘rsatmasi bilan Britaniya harbiylari ilk bor La-Mansh bo‘g‘ozida Rossiya bilan bog‘liq deb hisoblangan Smyrtos neft tankerini qo‘lga olganini ma’lum qilgan edi.

Olti soat davom etgan operatsiyada Qirollik dengiz piyodalari, Chinook, Merlin Mk4 va Wildcat vertolyotlari, RAF P-8 patrul samolyoti hamda HMS Sutherland va HMS Ledbury kemalari ishtirok etgan. Qo‘lga olinganidan keyin tanker Angliyaning janubiy sohillari yaqinida nazorat ostida langar tashlab turibdi.

MarineTraffic ma’lumotlariga ko‘ra, Smyrtos Kamerun bayrog‘i ostida suzgan. Kema 5 iyun kuni Rossiyaning Ust-Luga portidan chiqib ketgan va nashr ma’lumotiga ko‘ra, qiymati taxminan 40 million dollarlik neftini Hindistonga olib borayotgan bo‘lgan.

Moskva tankerning ushlab qolinishini keskin tanqid qilgan. Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari va Prezidentning investitsiya-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev bu harakat Britaniya jamoatchiligi e’tiborini ichki muammolardan, ayniqsa migratsiya inqirozidan chalg‘itishga urinish ekanini aytgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa “yashirin flot” atamasi Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan dengiz yo‘llaridagi harakatlarga qarshi choralarni oqlash uchun o‘ylab topilganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing