Britaniya barcha rossiyalik siyosatchilarning mamlakatga kirishini taqiqlamoqchi
Olam
−
24 fevral 2018 1 daqiqa
Buyuk Britaniya barcha yuqori martabali rossiyalik siyosatchilar, amaldorlar va yirik korxonalar rahbarlarining o‘z hududiga kirishini taqiqlamoqchi. Bu haqda Britaniyaning “The Times” gazetasi xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu reja Rossiya va Ukraina mamlakatlari o‘rtasida urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan qabul qilinmoqda.
“Britaniya barcha yuqori martabali rossiyalik siyosatchilarga urushning 3 yilligi munosabati bilan kirishni taqiqlashni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mamlakat Ichki ishlar vazirligi ushbu taqiqni barcha mintaqaviy va federal vazirlar, shuningdek, Rossiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari va yuqori darajali menejerlariga nisbatan joriy qiladi.
“Bu qadam Rossiyaga bosimni kuchaytirish va shu bilan birga, Britaniyaga nisbatan milliy tahdidni kamaytirish uchun zarur”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, sanksiya qo‘llaniladigan shaxslarning to‘liq ro‘yxati Ichki ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilinishi ham aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya va Fransiya, agar Moskva va Kiyev tinchlik kelishuviga erisha olsa, Ukrainaga 30 minggacha yevropalik tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish rejasini tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi. Britaniya rasmiylarining fikricha, agar Moskva tinchlik shartnomasi shartlarini buzadigan bo‘lsa, Ukrainadagi Yevropa qo‘shinlariga Rossiyadan xavf tug‘dirsa, ularni himoya qilish uchun Amerika ishtiroki “xavf devori” vazifasini bajaradi.