Braziliyalik futbolchi mototsiklda sigir bilan to‘qnashuvdan so‘ng vafot etdi

Sport

image

Braziliyaning Piaui shtatida mahalliy “Piaui” jamoasining 20 yoshli futbolchisi Antoni Ilano mototsiklda sigir bilan to‘qnashuv oqibatida vafot etdi. Bu haqda “CNN Brasil” nashri xabar berdi.

Federal avtomagistral politsiyasi (PRF) ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisa joriy yilning 20 oktyabr kuni tongda, mahalliy vaqt bilan soat 3:15 atrofida Altus hududida sodir bo‘lgan. Ilano haydab ketayotgan mototsikl yo‘l bo‘yida turgan sigir bilan to‘qnashishi oqibatida avtohalokatga uchragan.

Ma’lum qilinishicha, futbolchi otasining tug‘ilgan kunini nishonlab, uyga qaytayotgan paytda halokatga uchragan. Uning o‘limi “Piaui” klubi tomonidan tasdiqladi. Klub sportchining oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Antoni Ilano “Piaui” U-20 jamoasi safida o‘ynab kelgan va so‘nggi kunlarda 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Braziliya kubogi bahslariga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. U ilgari “Fluminense” va “Altus” klublarida ham to‘p surgan.

“Klubimiz sobiq futbolchisi, yosh iste’dod Antoni Ilanoning fojiali o‘limidan chuqur qayg‘udamiz. U 2023 yilda “Altus” safida professional debyutini o‘tkazgan edi. Ushbu og‘ir paytda biz uning oilasiga va yaqinlariga kuch va sabr tilaymiz”, deyiladi “Altus” klubi rasmiy bayonotida.

Ma’lumot uchun, Antoni Ylano 2023 yilda C Seriyaning so‘nggi turida “Remo”ga qarshi bahsda “Altus” libosida professional debyutini amalga oshirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

mototsikl Braziliya “Piaui” Antoni Ilano

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing