Braziliya sardori muxlislardan uzr so‘radi
Sport
−
17:39 1272 2 daqiqa
Braziliya milliy terma jamoasi sardori Markinos Norvegiyaga qarshi 1/8 final bahsidagi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoasining Jahon chempionatidan chiqib ketgani uchun muxlislardan uzr so‘radi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
2026 yilgi Jahon chempionatining 1/8 final bosqichida Braziliya Norvegiyaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, “pentakampionlar” 36 yil ichida ilk bor mundial chorak finaliga chiqa olmadi.
“Biz juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik va mavjud imkoniyatlardan foydalana olmadik. Penalti ham bo‘ldi, yana boshqa vaziyatlar ham yetarlicha edi. Jahon chempionatida eng kam xato qilgan jamoa keyingi bosqichga yo‘l oladi”, dedi 32 yoshli “Pari Sen-Jermen” himoyachisi.
Markinos uchrashuvning hal qiluvchi ikki goliga mualliflik qilgan norvegiyalik hujumchi Erling Holandning o‘yiniga ham yuqori baho berdi.
Shuningdek, Braziliya sardori mag‘lubiyat uchun barcha mas’uliyatni jamoa o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi.
“Endi biz mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz kerak. Men sardor sifatida, shuningdek, tajribali futbolchilar bilan birga bu mas’uliyatni his qilaman. Kelajak avlodi yanada xotirjam va ishonchli muhitda ishlashi uchun biz xulosa chiqarishimiz shart. Men Braziliya xalqi va bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan barcha muxlislardan uzr so‘rayman. Biz xatolarimizdan saboq olishimiz kerak. Yangi avlodning 2030 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rib, katta yutuqlarga erishishi uchun to‘rt yil vaqt bor”, dedi Markinos.
Ma’lumot uchun, Braziliya Jahon chempionati tarixida eng ko‘p – besh marta (1958, 1962, 1970, 1994 va 2002 yillarda) chempion bo‘lgan yagona terma jamoa hisoblanadi. Biroq jamoa so‘nggi chempionligidan beri mundial finaligacha yetib bora olmagan.