Braziliya Gaitini yirik hisobda yengdi
Sport
−
08:02 4985 1 daqiqa
Bugun, 20 iyun kuni 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining “C” guruhi 2-turidan o‘rin olgan Braziliya va Gaiti terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur bahsda Braziliya terma jamoasi 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yin AQSHning Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahridagi “Linkoln Faynenshel Fild” stadionida o‘tkazildi.
Pentakampeonlar hujumchisi Mateus Kunya 23-daqiqada hisobni ochdi. 36-daqiqada esa u dubl qayd etdi.
40-daqiqada Braziliya terma jamoasi hujumchisi Rafinya jarohat olgani sababli maydonni tark etdi. Bundan oldin futbolchi maysaga o‘tirib qolgan va unga tibbiy xodimlar yordam ko‘rsatgan edi.
45+3-daqiqada qanot hujumchisi Vinisius Junior hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Uchrashuvning qolgan qismida gollar urilmadi va o‘yin 3:0 hisobida yakunlandi.
Ma’lumot uchun, “C” guruhining 1-turida Braziliya Marokash bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, Gaiti Shotlandiyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.
Endilikda Braziliya 3-tur doirasida joriy yilning 25 iyun kuni Shotlandiyaga qarshi maydonga tushadi, Gaiti esa shu kuni Marokash bilan kuch sinashadi.
Live
Barchasi