BP fuqaro IIBda o‘lasi qilib kaltaklanishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi haqida ma’lumot berdi
3-sahifa
−
17 Sentabr 2020
8498Andijonda ichki ishlar xodimlari tomonidan IIBda qiynoqqa solinib, so‘ng shifoxonada vafot etgan yigit ishi bo‘yicha tergov harakatlari oktyabr oyigacha nihoyasiga yetishi kutilyapti.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, jinoyat ishi oktyabr oyigacha sudga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining 4-sonli Ichki ishlar bo‘limiga qimmatbaho tosh o‘g‘riligida gumon qilingan fuqaro A.Abdukarimov olib kelingan va qiynoqqa solingan. Fuqaro o‘lar holga kelganda shifoxonaga olib borilgan. 2 haftaga yaqin shifoxonada yotgan Abdukarimov 11 iyun kuni vafot etgan.
Bu mudhish hodisadan keyin 4-sonli IIB jinoyat-qidiruv guruhining uch nafar tezkor vakili — katta leytenant F.Husanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan. 1 iyun kuni ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan ayb e’lon qilinib, sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.
Keyinroq, yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo‘lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olingandi.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234, 235 hamda 227-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan ayb e’lon qilingan.
Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov lavozimidan ozod etilgandi.
Oliy sud raisining Matbuot kotibi Aziz Abidov mazkur ish bo‘yicha sudlov alolatli va shaffof o‘tishini, sud majlisida OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishi kafolatlanishini aytib o‘tgandi.
“Ushbu ish bo‘yicha ochiq sud jarayoni o‘tkazilib, sud majlislarida matbuot, OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ularga sud jarayonini to‘liq va oshkora yoritishga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi”, degandi Aziz Abidov.
Bu voqea O‘zbekistonda tergov organlaridani qiynoqlar masalasi qanchalik chuqur ildiz otib ketganini ko‘rsatdi. Jamoatchilik va siyosiy eltia yana qiynoqlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi.
LiveBarchasi