Bosh vazir xizmat avtomobilini Mercedes-Benz’dan Malibu’ga o‘zgartirdi
Jamiyat
−
11 mart
17774O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov xizmat avtomobilini Mercedes-Benz’dan Malibu’ga o‘zgartirdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Abdulla Aripov 7 mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirgan.
“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimiz shart, muhokamaga o‘rin yo‘q. Menga buni 20 martdan yoki 1 apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, degan Bosh vazir videoselektorda.
Bekzod Hidoyatovga ko‘ra, bugungi kunda hukumat tarkibidagi barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xizmat avtomobili sifatida mahalliy avtotransportlardan foydalanishga o‘tgan.
Xususan, Senat Raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, Bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse avtomobillaridan xizmat mashinasi sifatida foydalanmoqda.
Bildirilishicha, shu kungacha foydalanib kelingan avtotransport vositalari esa bosqichma-bosqich E-auksion — elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda amaldorlar xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tishi zarur ekani aytilgandi.
LiveBarchasi