Bolalar ombudsmani Farg‘onadagi ommaviy zaharlanishni nazoratga oldi
Jamiyat
−
23 fevral 3760 2 daqiqa
Avvalroq, Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Ayni damda mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili joyiga chiqqan tarzda o‘rganish olib bormoqda. Aniqlanishicha, 2026 yil 21 fevral kuni Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasiga sog‘lig‘idagi qator shikoyatlar (tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi) bilan murojaat qilgan.
Shifoxonada davolovchi shifokorlar tomonidan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga “O‘tkir diareya kasalligi, alimentar etimologiyali” tashxisi qo‘yilgan. Hozirda 62 nafar bola statsionar sharoitda davolanayotgan bo‘lib, ularning ahvoli qoniqarli.
Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan DMT muassasalarining oshxonalari ko‘zdan kechirilib, bolalar sutkalik iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar yuzasidan laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda.
Mintaqaviy vakil shifoxonada bolalar va ularning ota-onalari bilan ham muloqot qilgan hamda bolalarning tibbiy holatiga oid hujjatlarni o‘rgangan.
Zaharlanish yuz bergan muassasalar hududi Farg‘ona shahar prokuraturasi va shahar IIB xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, protsessual harakatlar olib borilgan. Hozirda shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi