Bolaga otasining ismini familiya sifatida berish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
12:40 895 1 daqiqa
Kecha, 8 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida bolaga otasining ismini familiya sifatida berish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.
Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, bolaga otasining ismini familiya sifatida berish imkoniyati belgilanmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onasining familiyasiga qarab belgilanadi. Shu bilan birga, ota yoki ona milliy an’analarga ko‘ra bobosining ismini ham bolaning familiyasi sifatida berishi mumkin.
Senatorlarga ko‘ra, mazkur tartibning qonunchilikda aniq belgilanishi fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi hamda milliy va diniy an’analarga muvofiq ularning xohish-istaklarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unda arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilib, nodavlat va elektron arxivlarni tashkil etish tartibi, shuningdek, arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning pensiyasini hisoblashning eng yuqori miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirishni nazarda tutuvchi “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi