Blinken Rossiyada josuslikda ayblanib, hibsda saqlanayotgan amerikalik bilan gaplashdi
Olam
−
17 avgust 2023 6575 2 daqiqa
Kecha, 16 avgust kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyada josuslikda ayblangan Amerika fuqarosi Pol Uilan bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, CNN telekanali xabar berdi.
Blinken Uilanga ishonchni saqlashni va AQSH uni imkon qadar tezroq uyiga qaytarish uchun hamma narsani qilishini aytgan. Manbaga ko‘ra, bu ularning ikkinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbati. Biroq muloqot tafsilotlari ochiqlanmagan.
Aspen institutining yillik xavfsizlik forumida so‘zlagan Blinken AQSH Rossiya bilan kelishmovchiliklarga qaramay, mahbuslarni almashish bo‘yicha ish olib borayotganini aytgan. O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Moskva va Vashington o‘rtasida mahbuslar almashinuvi kanali saqlanib qolganini, bu yo‘nalishda aloqalar davom etayotganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, AQSHning sobiq dengiz piyodasi bo‘lgan Uilan 2018 yilda hibsga olingan, 18 oy davomida Moskvadagi Lefortovo qamoqxonasida saqlangan va 2020 yilda josuslikda ayblanib, 16 yilga qamalgan. U ayblovlarni rad etgan. Qo‘shma Shtatlar ham Uilanni "nohaq hibsga olingan" deb belgiladi, bu atama ayblovlar soxta, ish esa siyosiyligini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 mart kuni Yekaterinburgda “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich josuslikda gumon qilinib, FXX tomonidan hibsga olingan edi. 2 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon suhbatida Evan Gershkovich va Pol Uilanni ozod qilishni so‘ragandi.
Live
Barchasi