“Bizga tahdid qilish shart emas”. Pashinyan KXSHT va Rossiya haqida keskin gapirdi
Olam
−
17:34 751 3 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) chiqarib yuborilishidan qo‘rqmasligini ma’lum qildi. U, shuningdek, Yerevan pozitsiyasini Kikos haqidagi arman ertagi syujeti bilan izohlagan. Bu haqda u bugun, 17 sentyabr kuni hukumat oldida so‘zlagan nutqida gapirdi.
Nikol Pashinyan Armanistonning KXSHTdan chiqarib yuborilishidan xavotirda emasligini ma’lum qilgan. Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Bosh vazir “Kikosning o‘limi” nomli arman ertagi syujetini eslab o‘tgan.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yerevanga “tashkilotdan chiqarib yuborish bilan tahdid qilish kerak emas”. Siyosatchi Armanistondan “Kikosning o‘limi” ertagida tasvirlangan xulq-atvorga o‘xshash munosabat kutilayotganiga e’tibor qaratgan.
“Shunisi qiziqki, Armaniston aynan mana shunday fikrga ega bo‘lishi kerakligi bo‘yicha shtamplar mavjud – asosan Kikosning o‘limi mantig‘iga ko‘ra: (odam) sovchilikka bordi, o‘g‘il ko‘rdi, nomini Kikos qo‘yishdi, popukli shapka (kiydirishdi), boshidan olishdi, u toshga yiqildi – voy Kikos, voy o‘g‘lim. Bizning fikrimiz shundan iboratki, agar bizni chiqarib yubormoqchi bo‘lishsa, chiqarib yuborishsin. Agar chiqarib yuborishni istashmasa, chiqarishmasin”, deydi Pashinyan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, “Kikosning o‘limi” ertagida dehqon to‘ng‘ich qizini buloqdan suv olib kelishga yuboradi. Qiz buloq boshida ulkan daraxtni ko‘rib, kunlardan bir kun turmushga chiqishini, Kikos ismli o‘g‘il tug‘ishini, u katta bo‘lib ushbu daraxtga chiqishini, yiqilib toshga urilishini va halok bo‘lishini tasavvur qiladi. Oqibatda butun oila hali tug‘ilmagan bola uchun janoza marosimini uyushtiradi va shundan so‘ng yana avvalgi hayotiga qaytadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston hech qachon Rossiya harbiy bazasi masalasini ham ko‘tarmagan. Shu bilan birga, u baza Armaniston xavfsizligi uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega emasligini bildirgan.
“Bizga bu harbiy baza kerak emas. Rossiya – bizning do‘st mamlakatimiz. Agar ular uni olib chiqib ketmoqchi bo‘lishsa, olib chiqishsin, ertagayoq olib chiqishsin. Agar qolishni istashsa, biz Armaniston Respublikasida bizga kerak bo‘lmagan bazani saqlab turish shartlarini muhokama qilishga tayyormiz”, deydi u.
U bunday pozitsiyani “2022 yil sentyabr voqealari” bilan izohlagan. U, shuningdek, yaqin vaqtgacha baza mavzusi na armanistonlik va na rossiyalik rasmiy shaxslar tomonidan oshkora muhokama qilinmaganini urg‘ulagan.
Qayd etish joiz, avvalroq Nikol Pashinyan yaqin orada Armaniston YeIga a’zolik uchun ariza topshirish jarayoni bilan shug‘ullanishini ma’lum qilgan. Shuningdek, Armaniston hukumati rahbari mamlakatning KXSHTdan chiqarib yuborilishi mumkinligini istisno etmagan va bunday holda Yerevan tashkilotdan chiqish masalasini mustaqil hal qilishiga hojat qolmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armanistonga Gyumridagi Rossiya harbiy bazasi kerak bo‘lmasa, Moskva harbiy ob’ektni ertagayoq olib chiqib ketishga tayyorligini aytgandi.
Live
Barchasi