Biz ovozimizni chiqarishimiz kerak – Gvardiola yana Falastinni qo‘llab-quvvatladi (video)

Sport

image

“Manchester Siti” bosh murabbiysi Pep Gvardiola Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini va dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan urushlar insoniyat uchun umumiy muammo ekanini aytdi. Bu haqda u Angliya Liga kubogi doirasida “Nyukasl”ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

“Bugun biz sodir bo‘layotgan voqealarni aniq ko‘rib turibmiz. Falastinda, Ukrainada, Sudanda va boshqa joylarda bo‘layotganlar – bularning barchasi inson sifatida bizning muammolarimiz”,  deydi Gvardiola.

55 yoshli murabbiy urush hududlaridan tarqalgan tasvirlar uni chuqur iztirobga solishini aytib, begunoh insonlar, ayniqsa bolalarning halok bo‘layotgani hech qanday g‘oya bilan oqlanmasligini bildirgan.

“Biz ovozimizni chiqarishimiz kerak. Aks holda, adolat shunchaki yo‘qoladi. Agar biror fikrni himoya qilish uchun minglab begunoh odamlar o‘ldirilsa, yo‘q! Men bunga qarshi chiqaman. Doim shunday qilaman”, dedi u.

Gvardiola inson hayoti eng oliy qadriyat ekanini qayd etib, texnologik taraqqiyotga qaramay, insoniyat hanuz zo‘ravonlikdan voz kecha olmayotganidan afsusdaligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, u AQSHda noqonuniy muhojirlarga qarshi choralar fonida yuzaga kelgan norozilik namoyishlari va huquqni muhofaza qilish organlari ishtirokidagi otishmalarni ham eslatib o‘tgan.

Qayd etish joiz, Gvardiola Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlagan kam sonli mashhur sport shaxslaridan biri hisoblanadi. U avval ham bir necha bor G‘azodagi urush va tinch aholining azob-uqubatlari haqida ochiq gapirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pep Gvardiola Barselonada Falastinni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan xayriya kampaniyasi doirasida o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etgan va bombardimon qilingan uylar vayronalari ostida ota-onasidan ayrilgan falastinlik bolalar taqdiriga qayg‘urishini aytib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Pep Gvardiola Falastin “Manchester Siti”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing