Biz Isroilning asl qiyofasi ochilayotganini ko‘ryapmiz – Hoqon Fidan

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan xalqaro hamjamiyatning Isroilga nisbatan pozitsiyasida o‘zgarishlar borligini ko‘rayotganini, biroq unga bosim hanuz yetarli emasligini aytdi. Bu haqda u bugun, 12 sentyabr kuni Rimda Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Xalqaro hamjamiyatning Isroilga ko‘rsatayotgan bosimi yetarlimi? U yetarli emas. Bugungi kunda G‘azoda ochlik tufayli yuzaga kelgan genotsid davom etmoqda. Isroilning ekspansionizmi va mintaqadagi tahdidlar ortmoqda. Bu esa xalqaro bosim yetarli emasligini, u to‘sqinlik qila olish darajasiga yetmaganini anglatadi. Shunga qaramay, biz xalqaro hamjamiyatda Isroilga nisbatan munosabatda sezilarli uyg‘onishni ko‘ryapmiz, garchi kechikkan bo‘lsa-da”, deydi Fidan

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat ko‘proq ish qilishi kerak, xususan, Yevropa Ittifoqi, boshqa davlatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilni to‘xtatish uchun yanada oqilona qarorlar qabul qilishi lozim.

“Biz Isroil xalqaro hamjamiyat ko‘zida yillar davomida yaratgan illyuziyaning asta-sekin so‘nayotganini ko‘ryapmiz. Biz uning asl qiyofasi va asl niyatlari ochilayotganini ko‘ryapmiz. Butun dunyo insoniyat uchun muqaddas bo‘lgan barcha qoidalar birin-ketin buzilib, yemirilib borayotganini ko‘rib turibdi”, deydi vazir.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) Bosh Assambleyasi Isroilning G‘azo sektoridagi ishg‘olini kengaytirish qarori va Falastin xalqiga qarshi amalga oshirayotgan genotsid bilan bog‘liq qarorni tasdiqlagandi. Tegishli qaror Turkiya parlamenti spikeri Numan Kurtulmush tomonidan ko‘rib chiqish uchun taklif qilingan.

Shuningdek, oldinroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan mamlakat Isroil bilan barcha iqtisodiy va savdo munosabatlarini to‘xtatgani hamda o‘z havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopganini ma’lum qilgandi. Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Isroil ikki yildan beri G‘azoda “genotsid” sodir etish bilan bir paytda xalqaro huquqni qasddan buzib kelmoqda. Turkiya o‘ziga hamfikr bo‘lgan davlatlarni Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘liq to‘xtatish va savdoni butunlay uzishga chaqirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Isroil G'azo Hoqon Fidan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing