Bishkekda Markaziy Osiyodagi eng katta stadion ochildi (fotoreportaj)
Sport
−
09:55 1220 2 daqiqa
Joriy yilning 5 oktyabr kuni yangi “Bishkek Arena” stadionining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Soat 18:00 dan yarim kechagacha Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya va AQSH san’atkorlari ishtirokida bepul konsert bo‘lib o‘tdi.
Tomoshabinlar soat 16:00 dan boshlab kela boshlashdi. Janubiy magistral qisman yopilgani sababli odamlar stadiongacha bo‘lgan yo‘lning bir qismini piyoda bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keldi. Mehmonlarni tashish uchun shahar avtobuslari jalb etildi. Ushbu kunda maktab o‘quvchilari, talabalar va davlat xizmatchilarining bir qismi masofaviy ish/o‘qish formatiga o‘tkazildi.


Soat 19:00 da Eminem kompozitsiyasi sadolari ostida sahnaga Prezident Sadir Japarov ko‘tarilgan. Mamlakat rahbari so‘nggi olti yillik ish yakunlarini sarhisob qilgan, shundan so‘ng asosiy konsert dasturi boshlangan.


Sahnada Jax 02.14, Freeman 996, Malika Dina, Yenlik, Azat Raimberdiyev, DADO, Bek Borbiyev va Baxtiyor Toqtorovlar chiqish qilgan. Borbiyevning “Men seni sүyөm” va Toktorovning “Buy-buy” qo‘shiqlarini san’atkorlar bilan birga butun arena kuylagan.


Konsertning yoshlar uchun mo‘ljallangan qismini Begish, Elman, Sadraddin, Bakr, Shiza va Uluukmanapo davom ettirgan. Sadraddin’ning chiqishi vaqtida xonandani tasvirga olayotgan operatorlardan biri sahnadan yiqilib tushgan. U jarohat olmagan.


So‘ngra sahnaga afsonaviy “Dos-Mukasan” va “Yalla” guruhlari chiqqan. “Toy jiri”, “Musiqali chayxana” va “Uchquduq” qo‘shiqlari ostida turli avlod vakillari bo‘lgan tomoshabinlar raqsga tushgan.


“Irina Kayratovna” guruhining chiqishi kechaning eng jo‘shqin lahzalaridan biriga aylangan. Ularning ortidan Qayrat Nurtas chiqqan. “Suranat” qo‘shig‘ini ijro etish jarayonida unga Mirbek Atabekov qo‘shilgan. Ularning birgalikdagi chiqishi oqshomning eng yorqin vaziyatlaridan biri bo‘lgan.


Atabekov o‘z ijrosini “Jalinam”, “Kүnder jaңirar” va “Kechki Bishkek” xitlari bilan davom ettirgan. Uning qo‘shiqlari ostida tomoshabinlar raqsga tushgan, ba’zi yoshlar esa to‘g‘ridan to‘g‘ri arenada o‘z sevgililarining qo‘lini so‘ragan. Xonanda, shuningdek, 2027 yilning bahorida ushbu yerda yakkaxon konsert o‘tkazish niyati borligini e’lon qilgan.


Kechaning xedlayneri Party Rock Anthem va Sexy and I Know It xitlarini ijro etgan AQSHning LMFAO loyihasi bo‘lgan.


Poytaxt meriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, konsertga 60 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan. Ochilish marosimi ulkan mushakbozlik bilan yakunlangan.
Live
Barchasi