“Besh qo‘l barobar emas”. San’atkorlarga uy uchun subsidiya berilishiga izoh berildi
Madaniyat-san’at
−
10 noyabr 2023
12117Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uzoq yillardan buyon san’at sohasida samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga uy uchun subsidiya ajratmoqchiligi haqida ma’lum qilgan edik. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari san’atkorlar to‘y-hasham, tug‘ilgan kunlardan qo‘shimcha daromad topishi, ularga subsidiya kerakmasligini aytib, o‘z noroziliklarini bildirishdi. Ushbu xabarlar fonida Madaniyat vazirligi munosabat bildirib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasida o‘z kasbiy faoliyatini madaniyat tashkilotlarida amalga oshiruvchi jismoniy shaxs madaniyat xodimi, kasbiy yoki nokasbiy asosda (havaskorlik asosida) madaniy faoliyatning bir yoxud bir necha yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs ijodkor ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 76-maqsadida belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi qarori 11-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Prezidentning 2021 yil 9 dekabrdagi Farmoniga muvofiq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilab qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda madaniyat va san’at sohasida 36 mingdan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Ulardan 850 nafardan ziyodi oliy ta’lim tizimida, 2500 nafari o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tizimida, 12 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar bolalar musiqa va sanat maktablarida, 9 ming nafardan ko‘proq murabbiylar madaniyat markazlarida, 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida, 2 900 nafardan ortiq san’atkor va ijodkorlar konsert-tomosha sohasida mehnat qilib kelmoqda.
Vazirlikning bildirishicha, xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlar va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallab, O‘zbekiston nomini ulug‘lashga hamda madaniyat va san’at sohasi rivojiga katta hissa qo‘shayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda va ijara uylarda yashab kelishmoqda.
“Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham, tug‘ilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Internet saytlari, ijtimoiy tarmoq sahifalari, rasmiy nashrlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida madaniyat va san’at sohasi vakillari sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki yolg‘on, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirilishini so‘rab qolamiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.
LiveBarchasi