Bayram kunlarida shifoxonalar qay tartibda ishlaydi?
Jamiyat
−
17:25 399 2 daqiqa
O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami munosabati bilan 29 avgustdan 1 sentyabrgacha tibbiyot muassasalari odatdagi ish tartibida faoliyat yuritadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bayram va dam olish kunlarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligida alohida shtab tashkil etilgan.
29 avgust – 1 sentyabr kunlari tuman va shahar, viloyat hamda respublika miqyosidagi shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalarida xodimlar navbatchilik asosida ishlaydi.
Shuningdek, hududlardagi 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida ham tibbiy xizmat uzluksiz ko‘rsatiladi.
Tez tibbiy yordam tizimi ham bayram kunlari to‘liq tarkibda ishlaydi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali va qariyb 200 ta aholi punktidagi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida navbatchi shifokor va hamshiralar 24 soat davomida faoliyat yuritadi.
“103” tez tibbiy yordam xizmati ham 29 avgustdan 1 sentyabrgacha odatdagi tartibda ishlaydi. Mazkur kunlarda tizimning 14 ta hududiy filiali, 189 ta stansiyasi, 40 ta podstansiyasi va 1 492 ta tayanch punktida 2 900 dan ortiq tibbiy yordam brigadasi chaqiruvlarga shay holatda bo‘ladi.
Bundan tashqari, barcha tug‘ruq va bolalar davolash muassasalari ham bayram kunlari uzluksiz faoliyat olib boradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi dam olish va bayram kunlarida navbatchilik qiladigan tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirgan hamda fuqarolarni bayram kunlarida o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kunlarida mamlakat bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lganlar uchun poyezd, avtobus va samolyotlarda qo‘shimcha qatnovlar tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi