Bayden ham Rossiya hibsxonalaridan ozod qilingan amerikaliklarni kutib oldi (video)

Olam

image

“The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovich, sobiq dengiz piyodasi Pol Uilan, shuningdek, Rossiya va AQSH fuqarosi va “Ozodlik” radiosining tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsou Kurmasheva Rossiya Federatsiyasi va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi doirasida AQSHga qaytib keldi.

Samolyot Turkiyadan havoga ko‘tarilib, 1 avgust kuni mahalliy vaqt bilan kechki payt Merilend shtatidagi Endryu havo kuchlari bazasiga qo‘ndi. Ularni AQSH Prezidenti Jo Bayden, vitse-prezident Kamola Harris va oila a’zolari kutib oldi. AQSH Prezidenti ittifoqchilarga minnatdorlik bildirdi.

“Men buni uddalay olishimizga mutlaqo amin edim. Alyanslar muhim deganimda shuni nazarda tutgandim”, deydi Bayden.

Ma’lumot uchun, Pol Uilan 2018 yil oxirida Moskvada hibsga olingan edi. 2020 yil iyun oyida Moskva shahar sudi amerikalikni josuslikda ayblab, 16 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Evan Gershkovich 2023 yilning mart oyida Yekaterinburgda josuslikda gumonlanib, hibsga olingan edi. Bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, u 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Alsou Kurmasheva Rossiyaga 2023 yilning may oyida oilaviy masalalar bilan kelgan va Chexiyaga uchishdan oldin Qozonda hibsga olingan. Oktyabr oyida jurnalist "xorijiy agent" sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganlikda ayblangan. Kurmasheva tergov izolyatoriga jo‘natilgan. Keyinchalik jurnalistga yangi jinoyat – Rossiya armiyasi haqida feyk xabar tarqatish aybi qo‘yildi. Iyul oyida Tatariston sudi jurnalistni 6,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Moskvaning Vnukovo aeroportida G‘arb davlatlari bilan mahbuslar almashinuvi doirasida vataniga qaytgan rossiyaliklarni shaxsan kutib olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Evan Gershkovich Pol Uilan Alsou Kurmasheva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made