O‘zbek madaniyati va san’ati og‘ir judolikka uchradi
Jamiyat
−
31 may 58517 2 daqiqa
Taniqli o‘zbek bastakori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, professor Dilorom Omonullayeva bugun, 31 may kuni 65 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi professori Oydin Abdullayeva o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘zbek xalqining asl farzandi, buyuk ijodkor Dilorom Omonullayeva bugun olamdan ko‘z yumdi. U umri davomida o‘zbek musiqa san’atining taraqqiyoti uchun xizmat qilib, o‘zidan keyin boy musiqiy meros qoldirdi”, deb yozadi Abdullayeva.
Ma’lumot uchun, “Do‘stlik” ordeni sovrindori, “Ofarin“ mukofoti sohibasi, san’at arbobi Dilorom Omonullayeva 1959 yil 1 oktyabrda Toshkentda musiqachilar oilasida tug‘ilgan. U 1990-1993 yillarda konservatoriyada “Bastakorlik va cholg‘ulashtirish kafedrasi”da o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Omonullayevaning ijodiy faoliyatida zamonaviy estrada qo‘shiqchilik san’ati ustuvor bo‘lgan. U zamondosh shoirlar – Usmon Azim, Yodgor Obid, Po‘lat Mo‘min, Zulfiya Mo‘minova, Halima Xudoyberdiyeva va boshqalarning so‘zlariga, turli mavzularda 100 dan ortiq qo‘shiq yaratgan.
Ular orasida “Men seni hech kimga bermayman”, “Yomg‘ir yog‘di”, “Saraton”, “Siz yoqqansiz menga hamisha”, “Ikki daraxt”, “Sen qaydasan”, “Azizim”, “Baxtiyorim”, “Yashnayver O‘zbekiston”, “Qora atlas”, “Armon bo‘lmasin”, “Ko‘nglim qushi qo‘lingda”, “Yig‘lama”, “Yolg‘on dunyo”, “Otash zamon”, “Bilsang edi” va boshqa shu kabi asarlari estrada xonandalari Kumush Razzoqova, Kozim Qayumov, Mavluda Oynaqulova, A’lo Rahimova, Ra’no Bo‘ronova ijrosida mashhur bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 may kuni “Shaytanat” serialidagi “Manukyan” obrazi orqali tanilgan aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mixail Kaminskiy 72 yoshida vafot etgan edi.
Live
Barchasi