Barcha hokimliklarda ish haqi oshiriladi

Jamiyat

image

Ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi. Bu haqda  bugun, 16 iyun kuni amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, Sirdaryo tumani hokimi 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi”ni tuzadi. “Islohotlar shtabi” uch oyda tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlaydi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi. Natijasiga qarab, bu yangi tajriba kelasi yildan butun respublikada yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

“Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi.

Viloyat, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan “g‘alvirni suvdan ko‘tarib”, kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman”, dedi davlat rahbari ma’ruzasi yakunida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq tumanda ish ham, yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgarishi belgilangani aytilgandi. Bu tizim yil yakunigacha Surxondaryoda to‘liq, qolgan hududlarda jadal rivojlantirish belgilangan 15 ta tuman va shahar – Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida, Toshkent shahrida esa Bektemir tumanida joriy qilinadi. Prezident yangi tizimni Sirdaryo tumani misolida tushuntirib berdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev hokimlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing