BAA Eron bilan aloqalarni to‘liq uzdi

Olam

image

Birlashgan Arab Amirliklari Eronning mamlakat hududiga zarbalariga javoban Tehrondagi elchixonasini yopishga va diplomatik missiya rahbarini chaqirib olishga qaror qildi. Bu haqda BAA Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati o‘z veb-saytida xabar berdi.

“Birlashgan Arab Amirliklari BAA hududiga qaratilgan Eronning raketa hujumlariga javoban Tehrondagi elchixonasini yopish va Eron Islom Respublikasidagi elchisini, shuningdek, barcha diplomatik missiya xodimlarini chaqirib olishini e’lon qildi”, deyiladi bayonotda.

Vazirlik Eron turar-joy massivlari, aeroportlar, portlar va infratuzilma kabi fuqarolik hududlarini nishonga olayotganini ta’kidlagan. Islom Respublikasining harakatlari tinch aholini xavf ostiga qo‘yadi va “milliy suverenitetni va xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish” hisoblanadi.

28 fevral kuni ertalab Isroil va AQSHning Eronga qarshi hujumlari boshlanganidan so‘ng, Tehron Fors ko‘rfazi mamlakatlariga raketalar va dronlarni uchirdi. Eron hujumlar mintaqadagi Amerika bazalariga qaratilganini da’vo qildi.

Keyinroq BAA Mudofaa vazirligi 165 ta ballistik raketa va 541 ta dronning uchirilganini aniqlaganini, ularning aksariyati ushlanganini ma’lum qildi.

Bitta dron Dubay aeroportiga zarba berdi va to‘rt kishini jarohatladi. Boshqa bir dronning qoldiqlari dunyodagi eng baland mehmonxonalardan biri – Dubaydagi besh yulduzli Burj Al Arab minorasi yaqinida yo‘q qilindi.

Bundan tashqari, havo mudofaasi tizimlari tomonidan urib tushirilgan yana bir dronning qoldiqlari Jebel Ali portidagi to‘xtash joylaridan birida yong‘inga sabab bo‘ldi. Bu Yaqin Sharqdagi eng yirik dengiz porti va dunyodagi eng yirik sun’iy portlardan biridir. U Dubay markazidan taxminan 35 km janubi-g‘arbda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fors ko‘rfazi davlatlari – Bahrayn, Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon va Saudiya Arabistoni Eron tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javob qaytarishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron BAA Burj Al Arab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing