Bahrayndagi eng yirik neft zavodiga zarba berildi (video)
Olam
−
17:31 4289 2 daqiqa
Bugun, 9 mart kuni Bahraynda joylashgan yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan birida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Hodisa mamlakatning Al-Maamir hududida joylashgan, davlatga qarashli Bahrain Petroleum Company (Bapco) kompaniyasiga tegishli eng yirik neftni qayta ishlash majmuasida yuz bergan. Bu haqda “Ynet” xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, hodisadan so‘ng Bapco kompaniyasi fors-major holatini e’lon qilgan. Bu esa zavod faoliyatida uzilishlar yuz berishi va ayrim hollarda yonilg‘i yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilishi mumkinligini anglatadi.
Kompaniya bayonotida qayd etilishicha, voqea Yaqin Sharqda davom etayotgan keskinlik fonida yuz bergan. Xususan, mintaqadagi mojaro ta’siri ostida neftni qayta ishlash majmuasi yaqiniga qilingan hujum yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Bapco rasmiylari mamlakat ichki bozori uchun zarur bo‘lgan yonilg‘i ta’minoti barqarorligini saqlab qolish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qilgan. Kompaniyaga ko‘ra, mavjud zaxiralar hisobiga ichki talab qondiriladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozirda voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda, yong‘in oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlashtirilmoqda.
Bahrayn axborot agentliklari esa yong‘inga Eron tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi zarba sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilmoqda. Hozircha ushbu ma’lumot mustaqil manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroil Eronning Isfaxon shahridagi radiatsiyadan himoya qilish markaziga zarba bergandi.
Live
Barchasi