Avval kelinlarimiz ko‘chalarda suv separ edi – Prezident (video)
Jamiyat
−
13:14 3569 1 daqiqa
Avval qizlar va kelinlar ko‘chalarda suv separ edi. Hozir esa sepishga suvning o‘zi yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida ma’lum qildi.
“Dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, islohotlarimizning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning aytishicha, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026 yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalar boshlanadi.
Poytaxt, viloyat markazlari va shaharlarda “yashil” hududlarni ko‘paytirish uchun sug‘orish, drenaj tizimlarini qayta tiklash zarur.
Buning uchun 160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.
Live
Barchasi