Prezident xavfsizligiga javobgar shaxs haydaldi
3-sahifa
−
20 iyul 12010 5 daqiqa
Joriy yilning 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida Onix hamda 3 nafar YPX xodimi boshqarib borayotgan mototsikl ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu avtohalokat haqida katta ehtimol bilan eshitdingiz. Bir nafar YPX xodimi vafot etgani rasman ma’lum qilindi. Xo‘sh, qolgan 2 nafar haydovchining ahvoli qanday?
Voqea joyidan tarqalgan videoda to‘qnashuv payti olov chaqnagani, yengil avtomashina bo‘laklari sochilib ketgani ko‘ringan. Xo‘sh, uning ichida nechta odam bo‘lgan? Ularning holati qanday?
Avtohalokat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganmi? Bugun bu kabi savollar ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani aniq. QALAMPIR.UZ rasmiylar bilan bog‘langan holda so‘roqlarga javob topishga urindi.
1 nafar xodimning o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa joriy yilning 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida kuzatildi. Onix hamda 3 nafar YPX xodimi boshqarib borayotgan mototsikl ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi boshqa bir YPX xodimi tomonidan to‘xtatib turilgan avtomashinaning kamerasiga tushib qolgan. Unda ko‘rish mumkinki, dahshatli to‘qnashuv soat 18:28 da sodir bo‘lgan.
YPX xodimining yurish mumkinligi to‘g‘risidagi ishorasidan keyin G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix’ga Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan 3 ta mototsikl haydovchisi urilgan. Holat aks etgan video darhol norasmiy Telegram-kanallarda tarqaldi. Unda esa to‘qnashuvdagi 3 ta xodim kortej kuzatuvchisi bo‘lgani aytilgandi. Biroq bu xabarlar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bergan rasmiy izohda noto‘g‘ri ekani ma’lum qilindi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani to‘g‘risida noto‘g‘ri talqin kuzatilmoqda. Tarmoq vakillaridan asoslantirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi rasmiy axborotda.
Xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodim Ozodbek Qo‘ldoshaliyev 29 yoshda edi. U Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi Maxsus bataloni moto guruhi komandiri, leytenant bo‘lgan. Marhum xodim 17 iyul kuni o‘zi tug‘ilgan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida so‘nggi manzilga kuzatildi. QALAMPIR.UZ jamoasi uning oila a’zolariga sabr tilaydi.
Avtohalokat joyidan tarqalgan videoda Onix qarama-qarshi yo‘ldagi svetaforda to‘xtab turgan Spark hamda Nexia rusumli avtomashinalarga ham urilgani aks etgan. Tabiiyki savol tug‘iladi: bu mashinadagilardan hech kim jarohatlanmaganmi? Onix’da yana boshqa yo‘lovchilar bormidi? Uning haydovchisi qay holatda? Bu savollarga javob olish uchun Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev bilan bog‘landik. U “avtohalokatga uchragan Onix ichida boshqa yo‘lovchilar ham bormidi?” degan savolimizga, YTH larida umumiy yo‘lovchilarning soni emas, faqat jarohatlanganlar soni qayd etilishini ma’lum qildi.
“YTH oqibatida tan jarohati olgan 3 kishi, 2 nafar xodim va Onix haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan. Yengil jarohat olganlarga voqea joyida birinchi yordam ko‘rsatilgan”, dedi Zoyir Yo‘ldoshev.
Ayni paytda uchchala jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanmoqda. Ularning tibbiy holati haqida esa Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev orqali ma’lumot olishga urindik. U Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bilan bog‘lanib, hamamsini aniqlashtirib ma’lumot berishini aytdi. Biroq keyingi qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Turli asoslanmagan tahminlar tarqalmasligi uchun SSVning rasmiy munosabatini kutib qolamiz!
O‘tgan haftada kuzatilgan yana bir muhim voqelik esa Prezident Davlat xavfsizligi xizmati rahbari Alisher Usmonovning ishdan olinishi bo‘ldi. 2020 yilning dekabr oyidan buyon Prezident Davlat xavfsizligi xizmati rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Alisher Usmonov 17 iyulda egallab turgan vazifasidan ozod qilindi. Ma’lumot o‘rnida, mazkur tuzilma bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizligini ta’minlash, mamlakat yetakchisining oila a’zolari va xorijiy davlatlar rahbarlarining tashriflari xavfsizligini himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
Alisher Usmonov PDXX rahbarligiga tayinlanishidan oldin uzoq yillar davomida kuch ishlatar tizimlarda, xususan, Davlat xavfsizligi xizmati raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tizimida ham mas’ul lavozimlarda, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tergov boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
Davlat xavfsizligi va jamoat tartibini saqlashdagi xizmatlari uchun 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.
Alisher Abrorovich Usmonov haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Tarjimai holi ham ochiq e’lon qilinmaydi. Buni esa kasbiy faoliyatining xususiyati bilan bog‘lash mumkin. U ommaviy axborot vositalarida kam ko‘rinish beradi. Umumiy qilib aytganda esa yopiq shaxslar sirasiga kiradi. Uning o‘rniga Rustam Mirzayevich Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizligi xizmati raisi lavozimiga tayinlandi va unga general-leytenant maxsus unvoni berildi.
Harbiy amaldorlar haqida ochiq manbalarda ma’lumot topish qiyinligi deyarli barcha davlatlarda kuzatiladi va xavfsizlik nuqtai nazaridan bu juda normal holat. Xo‘sh, Prezident xavfsizligiga javob berishdek katta mas’uliyatli ishga kirishgan Rustam Jo‘rayev haqida nimalarni bilamiz?
General-leytenant Jo‘rayev 1968 yil 26 iyulda Toshkent shahrida tavallud topgan. Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tahsil olgan. U O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham faoliyat yuritgan. 2018 yilning fevral oyidan 2020 yil mart oyigacha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i – Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U joriy yilning yanvaridan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
Live
Barchasi