Ash-Shara terrorchimi yoki prezident?
Tahlil
−
21:34 917 6 daqiqa
Bir paytlar AQSH tomonidan terrorchi tashkilot rahbari sifatida ko‘rilgan Ahmad ash-Shara bugun Vashington bilan munosabatlarda yangi bobni ochmoqda. Sobiq jangari Abu Muhammad al-Jo‘loniy endi yo‘q, uning o‘rniga kostyum-shim kiyadigan, galstuk taqadigan Ahmad ash-Shara bor.
Gap shundaki, 24 avgust kuni AQSH Suriyani 1979 yildan beri amal qilib kelgan “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar” ro‘yxatidan chiqardi va Ash-Shara boshchiligidagi Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSH)ga nisbatan ham terrorchilik maqomini bekor qildi.
Bir vaqtlar “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘linmasi rahbari sifatida nom qozongan o‘sha Jo‘loniy bugun rasmiy doiralarda Suriya davlat Prezidenti maqomida asta-sekin tan olinmoqda. Vashington esa kechagi dushmanini bugun xalqaro maydonga qaytarish uchun ko‘maklashyapti.
Xo‘sh, Jo‘loniydan Ash-Sharagacha qanday yo‘l bosib o‘tildi? AQSHning Suriyaga nisbatan siyosati nega keskin o‘zgardi va bu yaqinlashuv ortida faqatgina Damashqning “yangi qiyofasi” turibdimi?
Terrorchidan prezidentgacha
1982 yil, Damashqning badavlat oilalaridan birida tug‘ilgan Ahmad ash-Shara bolaligidan o‘qimishli, ammo uyatchan va “ijtimoiy introvert” bo‘lib o‘sdi. U 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin jihodchi mafkuraga qiziqish boshladi. AQSHning Iroqqa bostirib kirishi esa uning hayotidagi keyingi burilish nuqtasi bo‘ldi. U Iroqqa borib, Abu Musab az-Zarqoviy boshchiligidagi “Al-Qoida” safiga qo‘shildi va o‘ziga yangi “Jo‘loniy” nomini oldi. Keyinchalik u AQSH kuchlari tomonidan qo‘lga olinib, qariyb besh yil davomida hibsda saqlandi.
2011 yilda Suriyada Bashar Asad hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon boshlangach, Jo‘loniy mamlakatga qaytdi. U yerda “Al-Qoida”ning Suriya bo‘linmasi sifatida faoliyat yuritgan “Jabhat an-Nusra” tashkilotiga rahbarlik qildi. 2013 yilda esa “Islomiy davlat” yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bo‘ysunishdan bosh tortib, “Al-Qoida” rahbari Ayman az-Zavohiriyga sodiqligini bildirdi. Shu tariqa Jo‘loniy nafaqat Asad rejimiga, balki Suriyadagi boshqa jihodchi guruhlarga qarshi kurashayotgan murakkab kuchlar tizimining ham muhim o‘yinchisiga aylandi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan Jo‘loniy o‘zining avvalgi qiyofasini o‘zgartira boshladi. 2014 yilda u radikal qarashlarining eng yuqori nuqtasida turgan bo‘lsa, keyingi yillarda uning bayonotlari tobora pragmatik tus oldi. 2015 yilda u “Islomiy davlat”dan farqli ravishda G‘arbga hujum qilish niyati yo‘qligini bildirgan, Asad ag‘darilganidan keyin esa alaviy ozchilikka qarshi qasos olinmasligini aytib bayonotlar bera boshlagan.
Eng muhim qadam esa 2016 yilda tashlandi. Jo‘loniy “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzishini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2017 yilda u shimoli-g‘arbiy Suriyadagi bir qator islomchi guruhlarni Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSH) tarkibida birlashtirib, Idlib viloyatida katta hudud ustidan nazorat o‘rnatdi. Uning asosiy niyati Rossiya homiyligidagi Asad tizimini ag‘darish va mamlakatdagi ichki urushlarni bostirish edi.
“Maqsadlar haqida gapirganda, inqilobning maqsadi bu rejimni ag‘darish bo‘lib qolmoqda. Bu maqsadga erishish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanish bizning huquqimizdir”, degan Jo‘loniy CNN telekanaliga bergan intervyusida.
2024 yil noyabrida Asad rejimiga qarshi hal qiluvchi hujumni boshlagan paytda u bayonotlarini ilk bor o‘zining haqiqiy ismi – Ahmad ash-Shara nomi bilan imzolay boshladi. Shu tariqa Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi asta-sekin chetga surildi.
Shu yilning dekabrida esa barchasini o‘zgartirgan voqea yuz berdi. HTSH boshchiligidagi kuchlar atigi 12 kun ichida Damashqqa kirib, Bashar Asad hokimiyatini ag‘dardi. Hokimiyat tepasiga kelgan ash-Shara qisqa fursat ichida boshqa davlatlar bilan aloqalarni yaxshilab oldi.
Jo‘loniy AQSHning Iroqdagi urushiga qarshi jang qilgan “Al-Qoida” a’zosi bo‘lgan, keyinchalik esa Suriyadagi “Al-Qoida” tarmog‘ining rahbariga aylangan. Shu sababli Vashington uni suymas edi, Jo‘loniy ismi AQSH uchun terrorizm bilan bog‘liq eng xavfli shaxslardan birini anglatardi. Hatto bir vaqtlar AQSH uni qo‘lga olish uchun 10 million dollar mukofot va’da qilgandi.
Ammo bugun Jo‘loniy ismi bilan birga ikki davlat o‘rtasidagi sovuq munosabatlar ham yo‘qoldi. Ash-Shara endi bemalol Oq uyga kirib, Amerika Prezidenti bilan muzokaralar olib bormoqda.
Endi terrorist emas!
2026 yil 24 avgust kuni Vashington Suriyani 47 yil davomida saqlanib kelgan AQSHning “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar” ro‘yxatidan chiqardi. Qaror 45 kunlik Kongress ko‘rib chiqish muddati yakunlangach kuchga kirdi. Shu bilan birga, AQSH HTSHni ham “Maxsus belgilangan global terrorchi tashkilot” maqomidan chiqardi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio qarorni Ahmad ash-Shara boshchiligidagi Suriya hukumatining xalqaro terrorizmdan uzoqlashish yo‘lidagi “ijobiy harakatlari va keyingi majburiyatlari” bilan izohladi.
“Bu harakatlar Prezident Ahmad ash-Shara boshchiligidagi Suriya hukumati tomonidan amalga oshirilgan ijobiy sa’y-harakatlar va Suriyani xalqaro terrorizm harakatlaridan to‘liq uzoqlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlarni e’tirof etish maqsadida amalga oshirildi”, dedi AQSH Davlat kotibi Marko Rubio.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Damashq o‘tgan yilning noyabrida “Islomiy davlat”ga qarshi Global koalitsiyaga rasman qo‘shilgan, shuningdek, “Islomiy davlat”, “Al-Qoida”, “Hizbulloh” va Eron bilan bog‘liq guruhlarning terror tarmoqlariga qarshi amaliyotlar o‘tkazgan.
Bundan tashqari, Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy AQSH qarorini “oxirgi to‘siq”ning olib tashlanishi deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi “investitsiya qilish, biznes yuritish va Suriyada iqtisodiy hayotni qayta tiklash uchun hech qanday to‘siq qolmagan”.

Ahmad ash-Sharaning o‘zi esa buning uchun Donald Trampga videomurojaat orqali minnatdorlik bildirdi.
“Bugun Suriya yelkasidagi qora dog‘ni o‘chirib, o‘z qo‘llari bilan og‘riqli o‘tmishi sahifasini yopmoqda va taraqqiyot, tiklanish hamda bunyodkorlik yo‘liga qadam qo‘ymoqda. Buyuk Suriya xalqi, siz yana bunga erishdingiz. Sizga nisbatan sanksiyalar bekor qilindi va kishanlar uzildi. Yaratgandan sizlarga xizmat qilishimiz uchun bizga yordam berishini so‘rayman”, degan u.
Suriya hukumati urushdan keyingi qayta qurish uchun milliardlab dollar investitsiya izlamoqda. AQSH esa aynan moliyaviy tizimga qaytish uchun eshiklarni ochishga tayyorligini ko‘rsatdi.
Suriya moliya vaziri Muhammad Yosir Barniya “Bank of America” vakillari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. AQSH banki vakillari Suriyaga tashrif buyurish va hamkorlik masalasini davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan. Mastercard esa may oyida Qatar National Bank va Suriya Markaziy banki bilan xalqaro karta to‘lovlari infratuzilmasini yaratish ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Solishtiradigan bo‘lsak, 2024 yil oxirida hokimiyat tepasiga kelgan ash-Shara ma’muriyati o‘tgan qisqa fursatda xalqaro doiralarda keng ko‘lamda tan olindi. Sanksiyalar ham deyarli to‘la bekor qilindi. 2021 yilda Afg‘onistonda boshqaruvni qo‘lga olgan Tolibon ma’muriyati esa shu paytgacha hech bir davlat tomonidan de-yure tan olinmadi va xalqaro sanksiyalar ostida qolmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ash-Shara olib borayotgan siyosat bugun o‘zini oqlamoqda. Uning o‘tmishi esa bugungi imijiga deyarli ta’sir eta olmayapti.
Live
Barchasi