Ash-Shara Kremlda Putin bilan uchrashdi (video)
Olam
−
15 Oktabr 4910 2 daqiqa
Bugun, 15 oktyabr kuni Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putinning aytishicha, Rossiya va Suriya o‘rtasida o‘tgan o‘nlab yillar davomida o‘ziga xos, faqat do‘stona ruhdagi aloqalar shakllangan. U, shuningdek, Moskva Damashq bilan Tashqi ishlar vazirliklari darajasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.
“Biz 80 yildan ortiq vaqt davomida diplomatik aloqalarni saqlab kelmoqdamiz. Ular Rossiya, ya’ni sobiq Sovet Ittifoqi uchun eng og‘ir davrlarda – 1944 yilda o‘rnatilgan edi”, deydi Putin.
Rossiya rahbari, shuningdek, Suriyada parlament saylovlarini o‘tkazilishini katta muvaffaqiyat sifatida baholagan.
O‘z navbatida, Ahmad ash-Shara Suriyaning Rossiya bilan munosabatlar kompleksini qayta tiklashga intilishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat uchun eng muhimi mamlakat va mintaqada barqarorlikni ta’minlash. U ikki davlatni jiddiy hamkorlik ko‘priklari, jumladan moddiy sohadagi aloqalar bog‘lab turganini qayd etgan. Suriya rahbari, shuningdek, qabul uchun minnatdorlik bildirib, tashrifni muhim voqea deb atagan.
Qayd etish joiz, tomonlar muloqotdan so‘ng ishchi nonushta shaklida muzokaralar o‘tkazishi belgilangan. Uchrashuv yakunida matbuot anjumani rejalashtirilmagan.
Ma’lumot uchun, bugun, 15 oktyabr kuni Suriya rahbari CBS telekanaliga bergan intervyusida mamlakat Moskva va Pekin bilan strategik manfaatlarga asoslangan tinch va muvozanatli munosabatlar yo‘lga qo‘yayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sheriklar Damashqqa “ijobiy signallar” yuborgan. U Rossiya va Xitoy bilan aloqalar G‘arb yoki AQSH bilan munosabatlarga zid emasligini ham qayd etgan.
Moskva va Damashq aloqalari
2024 yil oxirida Suriyada hokimiyat almashganidan so‘ng Moskva va Damashq o‘rtasidagi ilk oliy darajadagi aloqa fevral oyida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Putin va ash-Shara telefon orqali muloqot qilib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan edi. Rossiya rahbari o‘sha paytda Moskva “Suriya davlatining suvereniteti va hududiy yaxlitligi” tamoyiliga sodiq qolishini ta’kidlagan hamda Damashqqa ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashda yordam berishda davom etishga tayyorligini bildirgan.
Joriy yilning iyul oyi oxirida Rossiyaga o‘tish davri hukumati tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shiboniy boshchiligidagi yangi hukumat delegatsiyasi tashrif buyurgan. Tashrif davomida ash-Shiboniy Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazgan va Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan uchrashgan. Shundan so‘ng Putin Suriya delegatsiyasini Kremlda qabul qilgan.
Live
Barchasi