Argentina vitse-prezidenti Angliya futbolchilarini “qaroqchilar” deb atadi
Sport
−
15 iyul 8164 2 daqiqa
Argentina vitse-prezidenti Viktoriya Vilyarruel 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finali doirasida bo‘lib o‘tadigan Angliya – Argentina uchrashuvi oldidan keskin bayonot bilan chiqdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida inglizlarni “qaroqchilarning avlodlari” deb atadi.
“Biz qaroqchilarning avlodlariga qarshi maydonga tushamiz. Bu shunchaki navbatdagi o‘yin emas. Men siyosiy jihatdan to‘g‘ri gapirishga yoki o‘zimni tiyib turishga urinmayman: inglizlarga qarshi bahs har doim futboldan ham kattaroq ma’no kasb etadi. Bu Malvina orollari, bu Diyego Maradona, bu Leo Messining so‘nggi jahon chempionati va bu bosqinchilarni to‘xtatish imkoniyati. Olg‘a, Argentina! Biz so‘nggi nafasimizgacha o‘z haqqimizni talab qilamiz”, deb yozdi Vilyarruel.
Ma’lumot uchun, 1982 yilda Buyuk Britaniya va Argentina mazkur arxipelag uchun urush olib borgan. Qurolli mojaro oqibatida 649 nafar argentinalik va 255 nafar britaniyalik harbiy halok bo‘lgan.
Uchrashuv arafasida AQSH Federal qidiruv byurosi (FBI), FIFA hamda mahalliy politsiya vakillari qo‘shma yig‘ilish o‘tkazib, tarixiy raqobat va muxlislar o‘rtasida ehtimoliy to‘qnashuvlar xavfi sababli o‘yinni “eng yuqori xavf” toifasiga kiritgan.
Vitse-prezidentning bayonotidan farqli o‘laroq, Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni avvalroq sport va siyosatni aralashtirmaslik kerakligini ta’kidlagan edi.
“Bu shunchaki futbol o‘yini. Ko‘p yillar avval sodir bo‘lgan voqealarni bugungi sport bilan aralashtirmasligimiz kerak. Bu tariximizdagi juda achinarli davr bo‘lgan va biz buni hurmat qilishimiz lozim”, degan Skaloni matbuot anjumanida.
Angliya va Argentina o‘rtasidagi yarim final bahsi bugun, 15 iyul kuni AQSHda bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv g‘olibi finalda Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etgan Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi