Argentina Rossiya uchun “tug‘ilish turizmi”ni to‘xtatmoqchi

Olam

image

Argentina Rossiyadan bo‘layotgan “tug‘ilish turizmi”ni to‘xtatish uchun migratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqdi. Bu haqda mamlakatning Rossiyadagi elchisi Enrike Ignasio Ferrer Viyeyra RBK'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Endi fuqarolikni olish uchun 18 yoshdan oshgan chet el fuqarosi Argentinada qonuniy yashash joyi va kamida ikki yil istiqomat qilganini isbotlashi kerak.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan vizasiz kelishuv “rossiyalik ayollar Argentinaga borib, chegarada qorinlarini yashirishi uchun emas, balki madaniy va sayyohlik almashinuvi uchun tuzilgan”.

Ilgari fuqarolik avtomatik ravishda mamlakatda tug‘ilgan bolaga, ota-onaga esa oilani birlashtirish tartibi orqali berilar edi. Biroq, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida bunday holatlar soni keskin oshgan. Shunday qilib, 2023 yilning fevral oyida rasmiylar bir kunda chegarani kesib o‘tgan 83 nafar rossiyalik ayoldan 16 nafari homiladorlikning kech bosqichida bo‘lganini ma’lum qildi. 2022 yilda Argentinaga 5800 ga yaqin homilador rossiyalik ayol kirgan.

Umuman olganda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yildan 2023 yilgacha mamlakatga 23 mingdan ortiq Rossiya fuqarolari borgan. 2023 yildayoq rossiyalik homilador ayollarga ommaviy ravishda kirish taqiqlana boshlangan.

Ma’lumot uchun, ko‘pgina davlatlarda (ayniqsa, AQSH va Kanada) agar bola o‘sha davlat hududida tug‘ilsa, u davlat avtomatik ravishda bolaga fuqarolik beradi. Shuning uchun ba’zi ota-onalar bolalarining kelajagi uchun qulay sharoit yaratish niyatida (ta’lim, tibbiyot, ishlash imkoniyatlari, viza olish osonligi va h.k.) u yerga borib tug‘ishni afzal ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Argentina tug'ilish turizmi Enrike Ignasio Ferrer Vieyra

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing