Argentina guruh bosqichini yuz foizlik natija bilan yakunladi
Sport
−
28 iyun 3934 1 daqiqa
Argentina milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining uchinchi turida Iordaniyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Natijada amaldagi chempionlar guruh bosqichini 100 foizlik natija bilan yakunlab, pley-offga chiqdi.
AQSHning Texas shtati, Arlington shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda argentinaliklarning gollariga Jovani Lo Chelso (19), Lautaro Martines (31, penalti) va Lionel Messi (80) mualliflik qildi. Iordaniyaning yagona golini esa Muso Al-Tamari 55-daqiqada kiritdi.
O‘yinda kiritilgan gollarni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Avstriya va Jazoir 3:3 hisobida durang o‘ynadi.
Shu tariqa, uchta uchrashuvda ham g‘alaba qozongan Argentina 9 ochko bilan “J” guruhida birinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Avstriya va Jazoir 4 ochkodan to‘pladi. Avstriya qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Jazoir eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Iordaniya esa uchala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, guruhni so‘nggi o‘rinda yakunladi.