Angliya termasi 19 yillik antirekordni takrorladi
Sport
−
27 Sentabr 2022 3433 1 daqiqa
Kecha, 26 sentyabr kuni futbol bo‘yicha UEFA Millatlar ligasi (“A” liga) 6-tur uchrashuvlari doirasida Angliya o‘z maydonida Germaniya terma jamoasini qabul qildi va 3:3 hisobida durrang qayd etdi.
Uchrashuvning dastlabki bo‘limida hisob ochilmadi. Shuning uchun jamoalar ikkinchi bo‘limda borini berib harakat qildi.
52-daqiqada inglizlar darvozasiga belgilangan penaltini Ilkay Gyundogan bexato amalga oshirib, Germaniyani hisobda oldinga olib chiqdi. Xavers 67-daqiqaga kelib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi. Shundan so‘ng, ustunlik “nemis mashinasi”ga o‘tib ketadigandek tuyulgandi. Biroq ingilizlar bunga osonlikcha rozi bo‘lmadi va Shou, Maunt va Keynning gollari evaziga hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. Ammo futbol vatani vakillari g‘alabani saqlab qola olmadi. 87-daqiqada Kay Xavers dublni rasmiylashtirib, Germaniyani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Angliya terma jamoasi ketma-ket 6 ta o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Ingilizlar hisobida 3 ta mag‘lubiyat va 3 ta durrang natija bor. Angliyada bunchalik omadsiz seriya 1993 yilda qayd etgan. O‘shanda ham angliyaliklar 6 ta o‘yindan iborat g‘alabasiz o‘yin namoyish qilgan.
Millatlar ligasining guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, umumiy hisobda 3 ochko jamg‘argan Angliya “B” ligaga tushib ketdi.
Ma’lumot uchun, UEFA Millatlar ligasining yarim finaliga Portugaliya, Xorvatiya, Italiya va Niderlandiya yo‘l oldi.
Live
Barchasi