Andijonda o‘z uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
21 noyabr 2025 2373 2 daqiqa
Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, narkotik moddalar tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan mazkur shaxsning uyidan “gashish” moddasi, kristal ko‘rinishidagi sintetik giyohvandlik vositasi, “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, og‘u tayyorlashda kerak bo‘ladigan xomashyolar, maxsus idishlar, qadoqlashda foydalaniladigan zip paketlar, 4 ta telefon va 1 ta noutbuk ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, mazkur noutbukda mijozlarga sintetik giyohvand moddalarni sotish va lokatsiya tashlab berish uchun gumonlanuvchi tomonidan boshqarilgan 3 ta Telegram-bot hamda uy sharoitida narkolaboratoriya tashkil qilish bilan bog‘liq video va rasm ko‘rinishidagi qo‘llanmalar (slaydlar) mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan.
Bildirilishicha, tergov harakatlari doirasida uning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va Namangan viloyatida 30 kilogramga yaqin giyohvand modda olishga uringan narkokurerlar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi