Andijonda 10-sinf o‘quvchisi Spark bilan ag‘darilib ketdi
3-sahifa
−
16 may 5372 2 daqiqa
Kecha, 15 may kuni Andijon viloyati Andijon tumanida 2008 yilda tug‘ilgan o‘smir boshqaruvidagi Spark ag‘darilib ketdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 13:45 larda Andijon tumani “Qoraqalpoq” MFY Iftixor ko‘chasida voyaga yetmagan haydovchi 2008 yilda tug‘ilgan A.M. qarindoshiga tegishli bo‘lgan Spark rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, tezlikni me’yoridan oshirib yuborishi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotib, ag‘darilib ketgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Ushbu YTH oqibatida hech kimga tan jarohati yetmagan, avtomashina texnik shikastlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan hozirda Andijon tumani IIB YHXG mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 aprel kuni Namangan viloyatining Davlatobod tumanida maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi Nexia-3 yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. Surishtiruv ishlari davomida ma’lum bo‘lishicha, 11-sinf o‘quvchisi avtomobilni 9-sinf o‘quvchilariga 2 soatga, 220 ming so‘m evaziga ijaraga bergan.
Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov mamlakatda avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning oqibatida kelib chiqayotgan og‘ir vaziyatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Rustamovich Mahkamov hamda Ichki ishlar vaziri Aziz Anvarovich Toshpo‘latovga deputat so‘rovi bilan murojaat qildi.
Kecha, 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida viloyatlarda, ayniqsa, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida har oyda 10-15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolayotgani, o‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p ekani ham qayd etildi.
Live
Barchasi