Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
28 avgust 8793 2 daqiqa
Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. U fermerning dala hovlisini kelinining nomiga rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining rahbarlaridan biri hamda Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari o‘zaro til biriktirgan. Ular mazkur tumandagi baliq yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikda aniqlangan 4,1 mlrd so‘mlik zarar bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritmaslik, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan zarar miqdorini 10 barobarga oshirilgan holda undirish choralarini ko‘rmaslik, tekshiruv tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha fermer xo‘jalik rahbari tomonidan Andijon tumanlararo ma’muriy sudiga kiritilgan da’vo arizasini qo‘llab-quvvatlash evaziga fermerga tegishli bo‘lgan Xonobod shahridagi 10 sotixli dala hovlini hokim o‘rinbosarining qarindoshi nomiga o‘tkazib berishni talab qilgan.
Tuman hokimi o‘rinbosarining ukasi fermer xo‘jalik rahbaridan dala hovlining kadastr hujjalarini olib, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusda ushbu ko‘chmas mulkni o‘zining turmush o‘rtog‘i nomiga rasmiylashtirib olayotgan vaqtida fosh etilgan.
Holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari hamda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mansabdoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi pora bilan ushlangandi.
Live
Barchasi