Andijon va Farg‘onada giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi

3-sahifa

image

Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda O‘za xabar berdi.

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida Toshloq tumanida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 27 kg 573 gr “gashish” va 3 kg 967 gr “opiy” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida esa 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida istiqomat qiluvchi shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, 1 kg 806 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini xaridorga 80 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi fuqaroning uyidan ham 2 kg 698 gr “Mefedron” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, ushbu sintetik narkotik moddalar Qirg‘izistondan olib kelingan.

Boshqa holatda esa Andijon tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turkumiga kiruvchi 2800 dona “Regapen” va 957 dona flakonda “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlangan.

Ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ham sotish maqsadida aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistondan olib kelingan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Farg'ona giyohvandlik moddalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing