Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov 15 yoshli qizni zo‘rladimi?
3-sahifa
−
11 may 51999 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu mazmunda tarqalgan xabarga viloyat hokimligi matbuot xizmati raddiya berdi.
Hokimlik joriy yilning 9 may kuni bloger Ulug‘bek Ashur o‘zining YouTube kanalida “Andijon viloyati hokimi haqidagi kompromat bor gapmi yoki tuzoqmi?” sarlavhasi bilan e’lon qilingan videoga munosabat bildirib, videoda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan “og‘ir va asossiz ayblovlar” keltirilganini bildirgan.
Videoda andijonlik bir yigitda viloyat hokimining katta bir jinoyati haqida dalil borligi, unga ko‘ra, hokim bir ayol va uning 15 yoshli qiziga xonadon olib bergani, ayolni ishga ham joylagani, ammo uning qizini dachasiga olib borib, bir necha bor zo‘rlagani haqida gap ketadi. Videoda yigit tomonidan aytilishicha, viloyat hokimi ayol va uning qizi holatni kimgadir aytsa, ularni yo‘q qilib yuborish bilan qo‘rqitgan.
“Fuqaro ma’lumotiga asoslangan, hech qanday dalilga ega bo‘lmagan bunday postlar shaxs sha’ni, qadr-qimmati va nufuziga ochiqdan-ochiq tajovuzdir”, deyiladi hokimlik raddiyasida.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tuhmat va haqoratlarga asos bo‘layotgan manbalar shubhali va noqonuniy ekani, bu holatga huquqiy baho berilishi qo‘shimcha qilingan.
“Ayni paytda Andijon viloyati hokimligi tomonidan ushbu asossiz ma’lumotlarni tarqatganlar va jamoatchilik ongida noto‘g‘ri fikr uyg‘otishga uringan shaxslar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Qonunga muvofiq ravishda ularga nisbatan jazo choralari qo‘llanadi”, deyiladi xabarda.
Hokimlik jamoatchilikdan faqat rasmiy va ishonchli manbalarga tayanishni, ig‘vogarona ma’lumotlarga uchmaslikni so‘ragan.
Live
Barchasi