Amerikaliklar Trampni Epshteyn mijozlarini yashirayotganlikda aybladi
Olam
−
10 iyun 3115 3 daqiqa
Amerikaliklarning aksariyati Donald Tramp ma’muriyati Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha adolatli choralar ko‘rilganiga ishonmaydi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Olti kun davom etgan va joriy yilning 8 iyun kuni yakunlangan “Reuters/Ipsos” so‘roviga ko‘ra, ishtirokchilarning faqat 10 foizi Tramp ma’muriyati Epshteyn bilan bog‘liq shaxslarni javobgarlikka tortish ishlariga yordam bergan deb hisoblagan. Shuningdek, respondentlar orasidagi respublikachilarning ham faqat 21 foizi Tramp ma’muriyati adolat qaror topishiga hissa qo‘shgan degan fikrni bildirgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 84 foizi, jumladan, respublikachilar, demokratlar va mustaqil saylovchilarning deyarli bir xil ulushi Epshteyn hujjatlarida nomi zikr etilgan AQSHning nufuzli odamlari kamdan kam hollarda javobgarlikka tortilgan deb hisoblaygan.
Shuningdek, amerikaliklarning to‘rtdan uch qismi federal hukumat Epshteynning ehtimoliy mijozlari haqidagi ma’lumotlarni hali ham yashirayotgan bo‘lishi mumkin degan fikrni bildirgan. Natijalar Kongress tergovchilari Jeffri Epshteynga oid ehtimoliy jinoyatlarni o‘rganishda davom etayotgan bir paytda e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, Epshteyn 2008 yilda voyaga yetmagan qizlardan fohishalik maqsadida foydalanish kabi ayblovlar bo‘yicha aybini tan olgan va qamalgan edi. U 2019 yilda Manxetten qamoqxonasida vafot etgan. Epshteyn qurbonlarining ayrimlari rasmiy tergovlar davomida boy va nufuzli shaxslar himoya qilinganini da’vo qilib keladi.
Tramp ma’muriyati yanvar oyida Adliya vazirligining millionlab tergov hujjatlarini e’lon qilib, ushbu ish atrofidagi muhokamalarni yana kuchaytirgan. Hujjatlarda biznes va davlat boshqaruvidagi o‘nlab nufuzli shaxslarning ismlari yoki suratlari keltirilgan bo‘lib, ular orasida Donald Trampning o‘zi ham bor edi.
Hujjatlarda ismlari tilga olingan bir qator kompaniya rahbarlari bu yil o‘z lavozimlarini tark etgan, ammo ulardan hech biriga jinoiy ayblov qo‘yilmagan. Ular qatorida Microsoft asoschisi Bill Geyts ham bor. U bugun, 10 iyun kuni Kongress tergovchilariga yopiq formatda ko‘rsatma berishi kutilmoqda.
Bu yil e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra, Epshteyn aybini tan olganidan keyin ham Bill Geyts va Jeffri Epshteyn bir necha bor uchrashib, Geytsning xayriya faoliyatini kengaytirish masalalarini muhokama qilgan. Geytsning xayriya tashkiloti vakili joriy yil fevral oyida milliarder xodimlar bilan uchrashuvda Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha “o‘z harakatlari uchun mas’uliyatni zimmasiga olganini” bildirgan.
Epshteyn mojarosi Tramp uchun uzoq vaqtdan beri siyosiy muammo bo‘lib kelmoqda. Tramp avvalroq Epshteyn ishi bo‘yicha turli gumonlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan, keyinchalik esa uning ma’muriyati AQSH hukumati bu ish haqida bilgan barcha ma’lumotlarni to‘liq oshkor qilmayotgani haqida tanqidlarga uchragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynning yana yigirmaga yaqin ehtimoliy qurbonlari Parij prokuraturasiga murojaat qilgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi